Xalq matonati davlat to‘ntarishiga bo‘lgan urinishni barbod qildi – Erdo‘g‘an
Olam
−
15 iyul 1182 8 daqiqa
Turk xalqining matonati tufayli 2016 yil 15 iyul kuni mamlakatda Fathulloh Gulen terrorchilik tashkiloti (FETÖ) tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga bo‘lgan urinish barbod qilindi, uning ortida turgan “imperialistik loyiha” esa mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlament)da 2016 yil 15 iyul voqealari yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimdagi nutqida bayon qildi.
“Xalqning muqaddas omonatini ko‘tarib yurgan siyosatchilar sifatida 10 yil avval bo‘lgani kabi bugun ham birmiz, birgamiz, barchamiz bir tan-u bir jonmiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, u 15 iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinishning 10 yilligida vatan, bayroq, azon va milliy irodani himoya qilib shahid bo‘lgan 253 nafar qahramonni “rahmat va minnatdorlik bilan” yod etgan, isyonchilarning “o‘lim sochuvchi qurollariga ko‘ksini qalqon qilgan g‘oziylar”ga Alloh taolodan sog‘lik, omonlik va xayrli umr tilagan.
“Parvardigorim barcha shahidlarimizning joyini jannatda qilsin. Shuningdek, o‘sha zulmatli kechada o‘z istiqloli va istiqboliga ega chiqqan, shonli qarshilik ko‘rsatgan, aslo qullikka bo‘yin egmasligini va zulmga rozi bo‘lmasligini butun dunyoga ovoza qilgan har bir vatandoshimga, har bir birodarimga o‘z minnatdorligimni izhor etaman”, deydi Turkiya yetakchisi.
Shu bilan birga, u xalq ozodligi va demokratiya kelajagi yo‘lida jon bersa-da, bosh egmagan mard o‘g‘lonlarni doimo minnatdorlik bilan eslashlarini, ularning doston bo‘lgan kurashini har doim faxr bilan yodga olishlarini ta’kidlagan.
“Aynan shunday samimiy tuyg‘ular bilan, xalq vakillari sifatida, isyonchilarning hujumlari qarshisida xalq omonatini yerga tushirmaganingiz uchun sizlarning har biringizni alohida tabriklayman, yurtim va millatim nomidan minnatdorlik bildiraman. Shunisi haqiqatki, o‘sha kecha xalqimiz o‘z irodasini himoya qilish uchun maydonlarda, ko‘chalarda, ko‘priklarda qanday kurashgan bo‘lsa, xalq vakillari ham xuddi shu yerda, parlament binosi ostida, boshlariga yog‘ilayotgan bombalarga qaramay, davlat to‘ntarishiga jasorat bilan qarshi turdilar. Turli siyosiy partiyalarga mansub deputatlarimiz Majlisning shoniga loyiq birdamlik ko‘rsatib, demokratiya va xalq irodasiga suiqasd uyushtirgan terrorchilarga qarshi mardonavor qad ko‘tarishdi.
Bundan bir asr avval bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatib, ularni mag‘lub etgan Majlis 15 iyul xoinligida bu safar imperializm qo‘g‘irchoqlariga yo‘l bermadi. “Hokimiyat cheklanmagan tarzda va so‘zsiz xalqnikidir” degan shiorga yana bir bor sodiq qolib, milliy iroda dushmanlarini mag‘lub etgan G‘oziy Majlisimiz va undagi vatanparvar a’zolar bilan faxrlanamiz. Majlisimizning olijanob a’zolari bundan keyin ham, inshaalloh, xuddi shunday qat’iyat bilan milliy iroda va milliy suverenitetga qarshi tahdidlarga qarshi to‘liq birdamlikda harakat qilishiga chin qalbdan ishonaman”, deydi Erdo‘g‘an.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an 15 iyul xoinligiga sheriklik qilganlar qo‘llariga tushgan har bir imkoniyatdan ushbu millat va yurtga dushmanlik qilish uchun foydalanayotganlarini aytgan.
“Tarqalib ketgan va harom pullar evaziga kayf-safo qilib yurgan mamlakatlarida Turkiyani qoralab, Turkiyaga qarshi lobbichilik qilib, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi fitna olovlarini yoqish rejasini tuzishmoqda. Har qanday qiyofaga kirib, har qanday yolg‘onni gapirib, turk millati bilan hisob-kitobi bor bo‘lgan kimsalarning etagini tutib, 15 iyulda xalqdan yegan tarsakilarining qasdini olish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishmoqda. Ayniqsa, raqamli platformalarda tizimli ravishda tarqatayotgan materiallari orqali soxta taassurot yaratish faoliyatini kundan-kunga kuchaytirmoqdalar”, deydi Turkiya yetakchisi.
Shuningdek, u ruhlari bilan birga o‘z shaxsiyatlarini ham 1 dollarga sotgan FETÖ terrorchilari Turkiyaning ashaddiy dushmanlariga xizmat qilishda davom etayotganini aytgan.
“Pensilvaniyadagi terrorchilar rahnamosining ushbu millatga qilgan xoinligiga loyiq tarzda, 10 ming kilometr uzoqlikda o‘lishi va yashirincha bir chohga ko‘milishi, albatta, tashkilotning ruhiyatini sindirdi va ichki kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, tashkilotni qo‘llab-quvvatlovchilar orasida so‘nggi paytlarda shubha-gumonlar ortib bormoqda, ammo FETÖ tomonidan kelayotgan tahdid karantinga olingan bo‘lsa-da, xavf hamon davom etmoqda.
Yolg‘onni suvdek ichuvchi, buqalamun kabi doimiy ravishda tus o‘zgartiruvchi bunday makkor kuchga qarshi kurashda bo‘shashishga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuni yana bir bor alohida ta’kidlashim kerakki, demokratiya imkoniyatlaridan foydalanib, davlat idoralari ichiga sizib kirib, kuch to‘plagan va qulay fursat tug‘ilishi bilan o‘z xalqiga qurol o‘qtalgan zehniyat bilan to‘qnash kelganimizni hech qachon unutmasligimiz zarur. Chunki unutsak, Alloh asrasin, avvalgi qiyinchiliklarni yana boshdan kechiramiz. Unutsak, shahidlarimiz oldidagi burchimizni bajarmagan bo‘lamiz. Unutsak, 86 million aholining omonatiga to‘liq ega chiqmagan bo‘lamiz. Shu bois unutmaymiz, ehtiyotkor bo‘lamiz, hushyorlikni qo‘ldan boy bermaymiz va tashkilotga qarshi kurashda bir soniya bo‘lsa-da beparvolikka yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya yetakchisi 15 iyul – “ichki nazorat markazlarining” xorijdagi kuchlar bilan hamkorlikda Sevr shartnomasini qayta tiriltirish, Turkiyani mustamlaka mamlakatga aylantirishni maqsad qilgan yangilangan imperialistik loyiha bo‘lganini aytgan. Erdo‘g‘anga ko‘ra, u yerda nafaqat davlat to‘ntarishiga urinish, balki yalpi bosqinchilik harakati ham bor edi.
“Aziz millatimizning ko‘ksini qalqon qilishi natijasida ushbu iflos reja barbod bo‘ldi, imperialistik loyiha g‘ijimlanib, axlat qutisiga uloqtirildi. Turkiya o‘z mustaqilligini yana bir bor himoya qilib qoldi.
Is’yonning bartaraf etilishi bilan Turkiya o‘z energiyasini ichdan tugatadigan yuklardan qutulish yo‘lida muhim dovondan o‘tdi. Demokratiya navbatchiligi bilan boshlangan, „Yenikapi ruhi“ bilan kuchga kirgan va „Jumhur Ittifoqi“ bilan yanada yuqori bosqichga ko‘tarilgan birdamlik muhiti, ayniqsa terrorchilikka qarshi kurashda mamlakatimizni barcha frontlarda yanada kuchaytirdi”, deydi Turkiya rahbari.
Bundan tashqari, u 15 iyuldan keyin ko‘rilgan ko‘p bosqichli chora-tadbirlar bilan FETÖ’ning davlat va jamiyat hayotidan tozalanish jarayoni tezlashtirilganini ma’ulum qilgan.
“Suriyaning hududiy yaxlitligi bilan birga to‘g‘ridan to‘g‘ri mamlakatimiz xavfsizligiga tahdid solayotgan tuzilmalarga qarshi chegara ortida samarali harbiy amaliyotlar o‘tkazdik. “Filiz qalqoni” (Fırat Kalkanı) amaliyoti bilan ISHID vahshiylariga, “Zaytun novdasi” (Zeytin Dalı), “Tinchlik bulog‘i” (Barış Pınarı) va “Bahor qalqoni” (Bahar Kalkanı) amaliyotlari bilan esa bo‘lginchi tashkilot a’zolariga qaqshatqich zarbalar berdik. Suriya siyosatiga boradigan yo‘lning tamal toshlari, juda aniq aytaman, 15 iyul isyonining barbod qilinishi va FETÖ’ning xavfsizlik idoralarimizdan tozalanishi bilan qo‘yilgan. Faqatgina Suriyada emas, Liviyadan Qorabog‘gacha qayerda Turkiya ko‘magiga ehtiyoj sezilgan bo‘lsa, barcha imkoniyatlarimiz bilan o‘sha yerda hozir bo‘ldik.
Tashqarida ushbu qadamlarni tashlar ekanmiz, ichkarida xoinlikning davlat va jamiyat hayotida yetkazgan jarohatlarini davoladik. Bundan tashqari, milliy irodaning ustuvorligini mustahkamlaydigan, demokratiyamiz yo‘lini ochadigan va boshqaruvda barqarorlikni kafolatlaydigan islohotlarni amalga oshirdik”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning aytishicha, bu jarayonda Turkiyaning eng katta yutug‘i boshqaruvdagi ikki hokimyatchilikka barham bergan prezidentlik boshqaruvi tizimi bo‘lgan. Prezidentlik boshqaruvi tizimi bilan o‘nlab yillar davomida nodemokratik aralashuvlarga zamin yaratib kelgan boshqaruvdagi barqarorlik muammosi uzil-kesil hal qilingan. Turkiyaning so‘nggi 10 yil ichida mudofaa sanoatidan tortib iqtisodiyotgacha, xavfsizlikdan tashqi siyosatgacha erishgan barcha muvaffaqiyatlari zamirida FETÖ’ning davlatdan chiqarib tashlanishi yotadi. Bu tozalash ishlari tezlashgani sayin tashkilot parchalanib, ayg‘oqchilik tarmog‘ini birlashtirib turgan zanjirlar zaiflashgani sari Turkiyaning rivojlanish yo‘li yanada tezlashadi.
“Birodarlarim, shundan hech kim shubha qilmasin: FETÖ’chilar to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan “Turkiya asri”ning barpo etilishi allaqachon boshlangan. Buning yo‘lini Allohning izni bilan hech qanday qora kuch to‘sa olmaydi”, deydi Turkiya yetakchisi.
Qonli 15 iyul voqeasi
2016 yil 15 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish sodir bo‘ldi. Bu voqea Turkiya Qurolli kuchlarining ichidagi bir guruh harbiylar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, ular mamlakatdagi hukumatni ag‘darib, hokimiyatni egallashni maqsad qilgan edi. To‘ntarish ishtirokchilari Anqarada parlament binosini va Istanbulda ko‘priklarni nazoratga olishga urindi, harbiy texnika, tanklar, vertolyotlar, qiruvchi samolyotlar ko‘chalarga chiqarildi. Televizion binolar bosib olindi, TRT davlat kanalida bayonot o‘qildi va harbiy holat joriy qilinayotgani e’lon qilindi.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘sha paytda ta’tilda bo‘lganiga qaramay, o‘z xalqiga murojaat qildi va ularni ko‘chalarga chiqib, demokratiyani himoya qilishga chaqirdi. Minglab fuqarolar Prezident chaqirig‘iga javob berib, ko‘chalarga chiqdi, to‘ntarish ishtirokchilarining qarshiligiga qaramay, ularni to‘xtatishga harakat qildi. Xalq, politsiya kuchlari va to‘ntarishga qarshi chiqqan harbiylar birgalikda harakat qilib, isyonni bostirdi.
Bu voqealar oqibatida 251 kishi halok bo‘ldi, 2000 dan ortiq odam yaralandi.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu davlat to‘ntarishiga harakat o‘sha paytda AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qilgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terroristik guruhi va uning davlatdagi korchalonlari orqali amalga oshirilgan. Shundan so‘ng, Turkiyada minglab harbiylar, sudyalar, o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari hibsga olindi yoki ishdan bo‘shatildi.
Namoyishlarda qurbon bo‘lganlar xotirasiga hurmat o‘laroq Istanbuldagi ko‘prik ular nomi bilan ataldi. Yodgorlik majmuasi o‘rnatildi, 251 nafar halok bo‘lganlarning nomlari abadiyatga muhrlandi. Bugun mamlakatda ushbu kun munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Fathulloh Gulen esa 2024 yilning 20 oktyabr kuni AQSHning Pensilvaniya shtatidagi shifoxonada, 83 yoshida vafot etdi. Rasmiylar uning vafotiga sabab qilib, yurak yetishmovchiligini ko‘rsatdi. U tez unutilmadi – uning qilgan ishlari Turkiya uchun o‘chmaydigan qon izi bo‘lib qoldi.
Turkiya hukumati bu kunni milliy xotira sifatida belgiladi va har yili 15 iyul mamlakatda “Demokratiya va milliy birlik kuni” sifatida nishonlana boshlandi. Bu sana turk xalqining jasoratini ifodalaydi.
Live
Barchasi“Qo‘qon patiri” patentlandi
15 iyul