Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha maxfiy hujjatlar e’lon qilindi

Olam

image

AQSH Milliy arxivi mamlakatning 35-prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha hujjatlarni oshkor qildi. Shuningdek, Kennedining ukasi Robert va huquq himoyachisi Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlar ham e’lon qilindi. Ushbu hujjatlar AQSH Milliy arxivi saytiga joylashtirilgan.

Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha arxivda 6 milliondan ortiq sahifadan iborat hujjatlar, fotosuratlar, audio va video yozuvlar hamda moddiy dalillar mavjud. Endi ushbu hujjatlarning katta qismi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, qolgan qismi keyinchalik e’lon qilinadi. Ba’zi ma’lumotlar hali raqamlashtirish jarayonidan o‘tishi kerakligi arxiv saytida qayd etilgan.

Shuningdek, AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Anna Paulina Luna fevral oyida federal hujjatlarni ochiqlash bo‘yicha ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bir qatorda, 2001 yil 11 sentyabr teraktlari bo‘yicha ma’lumotlarni ham oshkor qilish rejalashtirilgan. Luna hukumatning “o‘nlab yillar davomida ma’lumotlarni yashirganini” ta’kidlab, amerikaliklar o‘z savollariga javob olishga haqli ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, AQSHning 35-prezidenti Kennedi 1963 yil 22 noyabrda Texasga saylovoldi safari chog‘ida Dallasda o‘ldirilgan. Jinoyat ortidan tuzilgan rasmiy komissiya bu Li Xarvi Osvaldning ishi degan xulosaga kelgan va hech qanday keng ko‘lamli fitna bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, o‘q Dallasning markaziy maydonida joylashgan maktab darsliklari omborining oltinchi qavatidan otilgan. U yerdan teleskopik ko‘rinishga ega miltiq va ishlatilgan patronlar topilgan.

Eslatib o‘tamiz, hujjatlarning e’lon qilinishi hozirgi AQSH Prezidentining farmoni bilan bog‘liq. Donald Tramp bu hujjatlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi qarorni joriy yil 23 yanvar kuni imzolagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Martin Lyuter King Jon Kennedi maxfiy hujjat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing