Kurs UZS

USD

12 925.20

-11.96

EUR

13 982.48

45.28

RUB

152.58

-1.97

Britaniyada futbol muxlisi ko‘chadan armiyaning maxfiy hujjatlarini topib oldi

Olam

image

Buyuk Britaniyaning Nyukasl shahri ko‘chalaridan birida harbiylar haqida maxfiy ma’lumotlar yozilgan hujjatlar uyum-uyum bo‘lib sochilib yotgani aniqlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, ular askarlarning harbiy unvonlari, elektron pochta manzillari, navbatchilik jadvallari, qurol-aslaha taqsimoti tafsilotlari hamda qurol omborlariga kirish va signalizatsiya tizimi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur hujjatlar 16 mart kuni Nyukaslning Skotsvud hududida qora axlat xaltasidan to‘kilib yotgan holda futbol muxlisi tomonidan topilgan. Axborot xavfsizligi bo‘yicha ekspert Gari Xibberdning ta’kidlashicha, bu hujjatlar ichida nomi qayd etilgan shaxslarga jiddiy tahdid tug‘dirishi mumkin.

Britaniya Mudofaa vazirligi ushbu masalani “shoshilinch tartibda” o‘rganayotganini va ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan. Mahalliy rasmiylar esa armiya tomonidan tekshiruv olib borilayotganini sabab qilib ko‘rsatib, tafsilotlarni izohlashdan bosh tortgan.

“Biroq axborot xavfsizligi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, munosib choralar ko‘rilishiga ishonch hosil qilishingiz mumkin”, degan hukumat vakili.

Hujjatlarning Britaniya armiyasining Catterick garnizoni va unga tegishli polklarga aloqador ekani taxmin qilinmoqda. Ulardan birining sarlavhasi “Qurol ombori kalitlari va identifikatsiya kodlari” deb nomlangan bo‘lib, BBC'ning tushuntirishicha, bu qurol-aslaha va o‘q-dorilar saqlanadigan ombor hamda signalizatsiya tizimiga kirish bo‘yicha ma’lumotlarni anglatadi.

Boshqa hujjatlar ostiga esa “rasmiy – maxfiy” degan izoh qo‘yilgan. Hukumat ko‘rsatmalariga ko‘ra, ba’zi hollarda bunday axborotning oshkor qilinishi “hayotga tahdid solishi” mumkin. Ko‘chada topilgan hujjatlar orasida umumiy tibbiy maslahatlar, oziq-ovqat mahsulotlari buyurtma qog‘ozlari, shaxsiy identifikatsiya raqamlari hamda elektron pochta manzillari mavjud bo‘lgan.

Hujjatlarni geytsxedlik Mayk Gibbard topgan. U mashinasini to‘xtatib, Liga kubogi finalida “Nyukasl Yunayted” va “Liverpul” o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilish uchun fanzonaga yo‘l olgan paytda qog‘ozlarga ko‘zi tushgan.

“Pastga qarasam, qog‘oz parchalari orasida odamlarning ismlari va raqamlar ko‘rinib turibdi. Qog‘ozlar qora paketdan to‘kilib, yo‘l bo‘ylab devorga suyanib yotgan, hatto yo‘l o‘rtasida mashinalar tagida va har tomonga sochilib ketgan edi. Yo‘lning narigi tarafida ham xalta ichiga joylanmagan ancha ko‘p hujjatlarni ko‘rdim”, deb hayratga tushganini aytadi u.

Gibbard topilgan qog‘ozlarni “aqldan ozdiradigan narsa” deb ta’riflab, u qurolli patrullar, qurol-aslaha hisoboti, ta’til so‘rovlari, mobil telefon raqamlari hamda yuqori martabali ofitserlarning tafsilotlari aks etgan hujjatlar borligini ko‘rganini bildirgan.

35 yillik tajribaga ega axborot xavfsizligi eksperti Gari Xibberd bu hujjatlar ichida ko‘rsatilgan shaxslar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini aytmoqda.

“Ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali osongina aniqlash mumkin, shuningdek, bosim o‘tkazish, tahdid qilish yoki boshqa usullar bilan shaxsiy ma’lumotlari ekspluatatsiya qilinishi ehtimoldan xoli emas”, deydi u.

Hukumatning maxfiy axborot bo‘yicha ko‘rsatmalarida bunday hujjatlar yomon qo‘llarga tushganda, Britaniya yoki ittifoqchi davlatlarning harbiy operatsiyalariga “o‘rtacha, qisqa muddatli zarar” yetkazishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq ba’zi holatlarda, “yanada maxfiy ma’lumotlarning oshkor bo‘lishi hayotga tahdid tug‘dirishi” mumkinligi ham ta’kidlanadi. Bunday hujjatlar faqat yoqish uchun mo‘ljallangan maxsus xaltalarda yoqilishi yoki maxsus shredderlarda maydalanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts “Atlantic” nashri jurnalistini Yaman husiylariga qarshi o‘tkaziladigan maxfiy operatsiyaga oid chatga qo‘shib qo‘ygan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya N'yukasl maxfiy hujjat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing