Robert Kennedining o‘ldirilishiga oid hujjatlar e’lon qilindi

Olam

image

AQSHda mamlakatning 35-prezidenti Jon Kennedining ukasi – senator Robert Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarning bir qismi oshkor qilindi. Bu haqda AQSH Milliy arxivi rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.

“Senator Robert F.Kennedining fojiali o‘ldirilishidan qariyb 60 yil o‘tib, nihoyat Amerika xalqi federal hukumat olib borgan tergov natijalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu Prezident Donald Trampning shaffoflikka sodiqligi va yetakchiligi evaziga amalga oshdi,” deb yozdi AQSH Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard X’dagi sahifasida.

Senatorning o‘g‘li, AQSH Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vaziri kichik Robert Kennedi hamda Tulsi Gabbardning birgalikdagi bayonotida ta’kidlanishicha, Milliy arxivda saqlanayotgan hujjatlar qo‘lda skaner qilinib, internetga yuklangan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar faqat shaxsiy ma’lumotlar, xususan, ijtimoiy sug‘urta raqamlari va soliq identifikatsiya raqamlari kabi ma’lumotlarni yashirish maqsadida minimal tahrir bilan e’lon qilinmoqda.

“Robert Kennediga oid hujjatlarni ochiqlash – AQSH hukumatiga bo‘lgan ishonchni tiklash yo‘lida zarur va kechiktirib bo‘lmas qadamdir. Men Prezident Trampga bu boradagi jasorati va shaffoflikka sodiqligi uchun minnatdorchilik bildiraman,” dedi kichik Robert Kennedi.

Tulsi Gabbardning aytishicha, hujjatlarni qidirish jarayonida yana 50 ming sahifalik materiallar aniqlangan bo‘lib, hozirda ularni e’lon qilishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. U, shuningdek, rasmiylar suiqasd bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni ham izlashni davom ettirayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, AQSH qonunchiligiga ko‘ra, Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq barcha materiallar 2017 yilgacha to‘liq oshkor etilishi kerak edi. Biroq Donald Tramp ham, undan keyin prezidentlikka kelgan Jo Bayden ham razvedka xizmatlariga bu hujjatlarning oshkor qilinishi milliy manfaatlar va xalqaro aloqalarga zarar yetkazishi mumkinligini baholash uchun qo‘shimcha vaqt bergan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida AQSH rasmiylari sobiq prezident Jon Kennedi va huquq himoyachisi Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jon Kennedi Robert Kennedi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing