Kapellodan Abramovgacha – futbol vakillari Kannavaroning kelishi haqida nimalar demoqda?

Sport

image

Avvalroq, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2006 yilgi “Oltin to‘p” sohibi va jahon chempioni, italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan milliy terma jamoa bosh murabbiyligi borasida rasman shartnoma imzolagani haqida xabar berilgandi. Bir qator futbol olami vakillari mazkur kelishuv borasida o‘z fikrlarini aytmoqda. 

Xususan, FIFA prezidenti Janni Infantino birinchilardan bo‘lib bunga munosabat bildirdi. 

“FIFA 2026 Jahon chempionatiga xush kelibsiz, qadrli Fabio Kannavaro! 2006 yilda Italiya bilan sardor sifatida g‘alaba qozonganingizdan so‘ng, yigirma yil o‘tib siz ilk bor yangi rol – O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida bu musobaqada ishtirok etasiz”, deb yozdi Infantino o‘zining Instagram sahifasida.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Jafar Irismetov ham Fabio Kannavaroning O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishiga o‘z munosabatini ma’lum qildi.

“Rostini aytsam, Kannavaro biz uchun jumboq. Uning murabbiylik faoliyatini o‘rganar ekanmiz, katta yutuqlarga erishmaganini ko‘ramiz. Gap faqat sovrinlarda emas, balki o‘yin uslubida ham. Aslida u hozircha faqat o‘yinchi sifatida orttirgan nomi bilan tanilgan. Assotsiatsiya qaror qabul qilayotganda qaysi mezonlarga tayanib ish tutganini bilmayman. Bundan tashqari, biz ko‘proq hujumkor futbol o‘ynashga intilamiz. Kannavaro bizga nimanidir bera oladi, deb o‘ylamayman. Axir, xorijlik murabbiy taklif qilinayotgan bo‘lsa, biz undan nimanidir o‘rganishni istaymiz. Mana hozir Yurgen Klopp bo‘sh – shaxsan men uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Undan biz albatta nimanidir o‘rganar edik.

Boshqa tomondan, biz Srechko Katanets tayinlanganda ham shubha bilan qaragandik, ammo yakunda hammasi yaxshi bo‘ldi. Jahon chempionati bo‘yicha maqsadlar hali rasman e’lon qilinmagan. Ammo guruh bosqichidan chiqish jamoa uchun katta yutuq bo‘lardi. Axir, musobaqaga borib, pley-offga chiqish vazifasini qo‘ymaslikning o‘zi mantiqsiz”, deydi Irismetov.

Yana bir O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Valeriy Kechinov MTJga Fabio Kannavaroning bosh murabbiy etib tayinlanishiga izoh berdi.

“Men uchun Kannavaro qanday murabbiyligini aytish qiyin, chunki men uning faoliyatini kuzatmayman va yutuqlari haqida ko‘p narsa bilmayman. Ammo bir narsa aniq – u juda kuchli va yaxshi futbolchi bo‘lgan. Har qanday holatda ham Fabio O‘zbekiston terma jamoasiga juda ko‘p narsa bera oladigan inson. Menimcha, bu milliy jamoa uchun juda jiddiy va yirik yutuq. Ehtimol, murabbiy almashtirish uchun ma’lum sabablarga ega bo‘lishgan”, deydi Kechinov “Chempionat” nashriga bergan intervyusida.

Italiyalik mashhur murabbiy Fabio Kapello ham “Euro-football” nashriga Kannavaroning yangi lavozimi yuzasidan izoh berdi.

“Kannavaroni tayinlash – juda yaxshi tanlov. U katta tajribaga ega va albatta O‘zbekiston terma jamoasiga yordam bera oladi”, deydi Kapello.

Samarqandning “Dinamo” klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham Fabio Kannavaro haqida o‘z fikrini bildirdi.

“Kannavaroning tayinlanishiga qanday qarayman? Kannavaro futbolchilik davrida “Oltin to‘p” yutgan ajoyib o‘yinchi bo‘lganini bilaman. U darhaqiqat yaxshi himoyachi bo‘lgan. Afsuski, u bizda o‘ynamaydi, murabbiylik qiladi. Yana nima deyish mumkin, hammasini vaqt ko‘rsatadi”, deydi Vadim Karlenovich.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Fabio Kannavaro bilan 2+3 shaklida shartnoma imzoladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbitsi Temur Kapadze esa unga vaqtinchalik yordamchi murabbiy sifatida yordam beradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Janni Infantino Fabio Kannavaro Fabio Kapello Jafar Irismetov Valeriy Kechinov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing