Kambodja qiroli saratonga chalindi
Olam
−
20:16 841 2 daqiqa
Kambodja qiroli Norodom Siamoniga prostata saratoni tashxisi qo‘yildi. U hozirda Xitoyda davolanmoqda. Bu haqda bugun, 10 aprel kuni mamlakat Axborot vazirligi xabar berdi.
2004 yilda otasi Norodom Sianuk taxtdan voz kechganidan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan 72 yoshli qirol Siamoni shifokorlar tavsiyasi bilan Pekinda qolish muddatini bir oydan uch oygacha uzaytirishini bildirgan.
“Qadrli vatandoshlar, shuni ma’lum qilamanki, Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahridagi shifoxonada shifokorlar guruhi tomonidan o‘tkazilgan sinchkov va har tomonlama tibbiy ko‘rikdan so‘ng, menda prostata saratoni borligi tasdiqlandi”, deyiladi Axborot vazirligi tomonidan tarqatilgan bayonotda.
Qirolning otasi 1953 yilda Fransiyadan mustaqillik e’lon qilinganidan keyingi davrda Kambodjada katta ta’sirga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirda monarxiya roli asosan marosim ko‘rinishiga kelib qolgan. So‘nggi qirq yilning katta qismida mamlakatning asosiy siyosiy figurasi sobiq bosh vazir Xun Sen bo‘lib qolmoqda.
Qirol Siamoni sobiq raqs xoreografi bo‘lib, u o‘n yildan ortiq sobiq Chexoslovakiyada tahsil olgan. U yerda sahna san’ati bo‘yicha ixtisoslashgan, keyinchalik 1980-yillarda Fransiyadagi turli konservatoriyalarda baletdan dars bergan.
U 1990-yillar boshida Kambodjaning BMTdagi elchisi bo‘lib ishlagan, keyinroq Parijga ko‘chib o‘tib, mamlakatning UNESCO’dagi doimiy vakili bo‘lgan. 2004 yilda Pnompenga qaytib, taxtga o‘tirgan. Uning otasi ham boshqa xastaliklar qatori saratondan aziyat chekkan va Pekinda davolangan. U taxtdan voz kechgach, Xitoyga ko‘chib o‘tgan va 2012 yilda 89 yoshida yurak yetishmovchiligidan vafot etgunga qadar o‘sha yerda yashagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden saraton hujayralarini olib tashlash uchun operatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi