“Qrimni bermaslik kerak edi”. AQSHga borgan Zelenskiy bayonot bilan chiqdi
Olam
−
18 avgust 2025 32509 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 17 avgust kuni (Toshkent vaqti bilan bugun, 18 avgust kuni) Vashingtonga yetib borib, AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘ladigan uchrashuv oldidan bayonot berdi va Qrim masalasiga to‘xtaldi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Zelenskiyga ko‘ra, asosiy maqsad – urushni tez va ishonchli tugatish, biroq bu tinchlik uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Zelenskiy o‘tmishni eslab, 2014 yilda Ukrainani Qrim va Donbassning bir qismini berishga majbur qilishganini, Putin esa buni navbatdagi hujumlar uchun tayanch maydonga aylantirganini yozdi.
“1994 yilda berilgan “xavfsizlik kafolatlari” ham ishlamadi. Albatta, o‘shanda Qrimni bermaslik kerak edi, xuddi 2022 yildan keyin ukrainaliklar Kiyev, Odessa va Xarkovni bermagani kabi”, deydi Ukraina Prezidenti.
Zelenskiyga ko‘ra, hozir Ukraina harbiylari Donetsk va Sumi viloyatlarida muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Rossiya esa “o‘zi boshlagan urushni o‘zi tugatishi kerak”.
“Men umid qilamanki, Amerika bilan, Yevropadagi do‘stlarimiz bilan birgalikdagi kuchimiz Rossiyani haqiqiy tinchlikka majbur qiladi. Rahmat!”, deb yozdi Zelenskiy.
“The Hill” xabariga ko‘ra, Tramp va Zelenskiyning uchrashuvlar jadvali quyidagicha: Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da Yevropa yetakchilari Oq uyga boradi, 22:00 da Tramp Zelenskiyni kutib oladi va 22:15 da ular uchrashuvni boshlashadi. 23:15 da Tramp Yevropa Ittifoqi yetakchilarini qabul qiladi, soat 00:00 da esa umumiy uchrashuv boshlanadi.
Qayd etish joiz, bungacha Tramp Qrim va NATO masalasi bo‘yicha bayonot berib, “Prezident Zelenskiy istasa, deyarli darhol urushni tugatishi mumkin. Lekin Qrim qaytarilmaydi, chunki u 12 yil oldin Obamaning davrida birorta o‘q otilmasdan berilgan. Ukraina NATOga kirmaydi. Ba’zi narsalar hech qachon o‘zgarmaydi”, deb yozgan.
Zelenskiy esa Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan matbuot anjumanida Tramp bilan uchrashuvdan yuqori natija kutayotganini bildirdi. Tramp esa Alyaskada Putin bilan sammitdan keyin bergan bayonotida endi Zelenskiy bilan uchrashishni va keyinchalik uch tomonlama uchrashuv tashkil qilishni rejalashtirayotganini aytgan. Shuningdek, Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff Rossiya 5 ta hudud bo‘yicha murosaga tayyorligini bildirganini ham ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donald Trampga Alyaskadagi muzokaralar chog‘ida Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqib ketishi evaziga Ukrainadagi mojaroni “muzlatib qo‘yish”ga tayyorligini aytgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi