Putin mojaroni “muzlatish”ga tayyor ekanini aytdi
Olam
−
17 avgust 8057 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH yetakchisi Donald Trampga Alyaskadagi muzokaralar chog‘ida Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan olib chiqib ketish evaziga Ukrainadagi mojaroni “muzlatib qo‘yish”ga tayyorligini aytdi. Bu haqda “Financial Times” to‘rtta manbasiga tayanib xabar berdi.
Buning evaziga Putin janubiy Xerson va Zaporoje viloyatlarida front chizig‘ini to‘xtatib qo‘yishga va yangi hujumlardan tiyilishga va’da bergan.
Gazetaning yozishicha, Tramp bu xabarni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilariga kecha, 18 avgust kuni telefon orqali yetkazgan va u ularni Moskvani o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga majburlash harakatlaridan voz kechishga chaqirgan.
Zelenskiyning pozitsiyasidan xabardor manbalar u Donetsk viloyatining bir qismini Rossiyaga berishga rozi bo‘lmasligini, biroq Tramp bilan ertaga, 18 avgust kuni uchrashadigan Vashingtonda hududiy muammoni muhokama qilishga tayyorligini aytdi.
Putin, shuningdek, mojaroning “asosiy sabablarini bartaraf etish” bo‘yicha o‘zining asosiy talablaridan voz kechmaganini ham aniq aytgan. Rossiyaning sobiq yuqori lavozimli amaldoriga ko‘ra, Rossiya Prezidenti “asosiy sabablar” bartaraf etilganiga ishonchi komil bo‘lsa, boshqa masalalarda, jumladan, hudud bo‘yicha ham murosa qilishga tayyor.
“Bloomberg”ning yozishicha, Alyaskadagi sammitdan keyin telefon qo‘ng‘irog‘i chog‘ida Tramp Zelenskiyga hududlar bo‘yicha qaror Ukrainada qolishini aytgan. Tramp, shuningdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasi o‘zgarmaganini ta’kidlagan. Oq uy rahbariga ko‘ra, Putin hamon Donbassning butun hududidan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qilmoqda.
Iyun oyining oxirida Lugansk Xalq Respublikasi rahbari Leonid Pasechnik Rossiya qo‘shinlari mintaqaning butun hududini bosib olganini ma’lum qilgan edi. Mart oyida Putin Rossiya DXR, Xerson va Zaporoje viloyatlari hududining 70 foizdan ortig‘ini nazorat qilishini ma’lum qilgandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi hududlar almashinuvini muhokama qilish imkoniyati haqida gapirar ekan, Rossiyaning hududiy tuzilishi Konstitutsiyada mustahkamlanganini aytdi. 2024 yilning yozida Vladimir Putin DXR, LXR, Zaporoje va Xerson viloyatlari hududidan Ukraina qo‘shinlarining olib chiqilishini Kiyev bilan tinchlik muzokaralari shartlaridan biri, deb atadi. Hozir ham Rossiya Prezidenti ushbu shartlar o‘zgarmaganini aytdi. Zelenskiy esa Rossiya uchun yo‘qotilgan hududlarni tan olishni rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 avgust kuni Alyaskaning Ankorij shahrida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng, matbuot anjumanida Rossiya va Ukraina aka-uka xalq, Ukrainada bo‘layotgan voqealar esa Rossiya uchun og‘ir fojia ekanini aytgandi.