Qozog‘iston Yevropa bilan hamkorlikni kuchaytirishga kelishdi
Olam
−
24 iyun 1464 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Yevropa Ittifoqi yetakchilari Bryusselda o‘tkazilgan muzokaralar yakunida qo‘shma bayonot qabul qildi. Unda Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik hamkorlikning yangi bosqichi boshlangani aytilgan.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Bryusselda Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
To‘qayevning aytishicha, Qozog‘iston va YeI o‘rtasidagi munosabatlar hamkorlik tarixidagi eng yuqori darajaga chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan strategik aloqalarni yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
Bryusseldagi uchrashuvda imzolangan kelishuv va memorandumlar tomonlarning hamkorlikni mustahkamlashga intilishini tasdiqlaydi. To‘qayev muzokaralar natijalari ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochishini ta’kidlagan.
U Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari ichida Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan va ratifikatsiya qilgan birinchi davlat ekanini eslatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida yuqori darajadagi muntazam siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Muzokaralar yakunida Qosim-Jomart To‘qayev, Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen qo‘shma bayonot qabul qilib, hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirgan. Ursula fon der Lyayenning aytishicha, ushbu kelishuv imzolanganidan beri o‘tgan 10 yil ichida Qozog‘iston va YeI o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobardan ko‘proq oshgan.
Tomonlar investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek energetika, transport, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar kabi strategik sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan. Ular Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagining ahamiyatini alohida ta’kidlab, global “Global Gateway” tashabbusi doirasida hamkorlikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, tomonlar aviatsiya bo‘yicha kelishuv va viza tartiblarini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralarning yakunlanishini ijobiy baholagan. Bu hujjatlar Qozog‘iston va YeI fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.