Qotillik, giyohvandlik, jinoyat va noqonuniy migratsiya. Turkiyadagi o‘zbeklar hayotidan rozimi?
Tahlil
−
01 fevral 3551 4 daqiqa
O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari so‘nggi yillarda jadal rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida 2016 yilda ochilgan yangi sahifa bugun strategik hamkorlik darajasiga yetgan. Joriy yilning 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil hisobidan ilk xorijiy tashrifni aynan Turkiyaga amalga oshirdi va Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif doirasida Istanbulda, ta’bir joiz bo‘lsa, jahonda birinchi o‘zbek maktabi ochilishi uchun tamal toshi qo‘yildi. Bu ham bo‘lsa, Turkiyada o‘zbekistonliklarning ko‘payib borayotgani va ularga yetarli darajada shart-sharoit yaratish, eng avvalo o‘z tilida ta’lim olish imkoniyati va huquqini beradi.
Bugungi kunda, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 130 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar yashab, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda, ta’lim olmoqda. Ulardan 17 mingi rasmiy ishlash huquqiga ega. 60 mingdan ortiq fuqarolar yashash huquqini olgan. Ular orasida turk fuqarosi bilan turmush qurgan, yashayotgan yoki o‘qiyotganlar bor.
Turkiyada istiqomat qilayotgan va ishlayotgan o‘zbekistonliklarning rasmiy hujjat bilan bu mamlakatda bo‘lishi haqida gap ketganda, masalaning yana bir jihatini unutmaslik kerak. O‘zbekistonliklar 90 kun davomida ushbu mamlakatda vizasiz yurish imkoniyatiga ega. 90 kundan oshgandan keyin ular mamlakatning migratsiya organlaridan ro‘yxatdan o‘tishlari zarur. Lekin, ular bu masalani mustaqil hal qila olmaydi. Ish beruvchilar ularga ish bergani haqidagi rasmiy ma’lumotnomani, sug‘urta hujjatlarini migratsiya organlariga taqdim etishi lozim. Juda ko‘p ish beruvchilar qo‘shimcha soliq yuki va javobgarlikdan qochishi oqibatida o‘zbekistonliklarga bunday hujjatlarni taqdim etmaydi. Migrantlar esa oylik maoshi kamaymasligi hisobiga o‘zaro og‘zaki kelishuvga rozi bo‘ladi.
Bugun o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini dunyoning ko‘plab davlatlarida uchratish mumkin, jumladan, Turkiya yillar davomida minglab o‘zbekistonliklar uchun ish, ta’lim va tirikchilik manziliga aylangan. Istanbul shahri esa bu jarayonning markazida turibdi. Kuni kecha Istanbulda bo‘lib qaytgan QALAMPIR.UZ jamoasi Turkiyada o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan hududlardan biri – Oqsaroy va Laleli mavzesida bo‘lib, bu yerda yashayotgan vatandoshlar bilan suhbatlashdi. Ular o‘zlarini qiynayotgan masalalar – hujjat muammolari, mehnat sharoiti, xavfsizlik va jamiyatdagi munosabatlar haqida ochiq gapirdi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining deyarli barchasi bir fikrda yakdil: hujjat bo‘lmasa, hamma narsa qiyinlashadi. Ish topish, erkin harakatlanish, ijaraga uy olish, hatto, oddiy kundalik hayot ham murakkablashadi. So‘nggi yillarda hujjat rasmiylashtirish xarajatlari oshgani, ijara narxlarining qimmatlashgani migrantlar hayotini yanada og‘irlashtirgan.
Shu bois ayrimlar Turkiyada uzoq qololmay, O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘layotgani, boshqalar esa yana qaytib kelayotganidan yozg‘iradi. “Hujjat bo‘lsa – mehnat qilasan, mehnat bo‘lsa – rohatini ko‘rasan”, deydi suhbatdoshlarimizdan biri.
Mamlakat politsiyasi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinadigan noqonuniy migratsiya bo‘yicha reydlar masalasida respondentlar turlicha fikrda. Ayrimlar reydga tushganini, biroq hujjatlari joyida bo‘lgani sabab muammosiz qo‘yib yuborilganini aytsa, boshqalar uzoqdan politsiyaning sharpasi ko‘rinsa, yashirinishga harakat qilishini ochiq gapirdi. Umumiy xulosa shuki, qonuniy yurgan, hujjati bor inson uchun Turkiyada jiddiy xavf yo‘q.
Aksincha, hujjatsiz yoki noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganlar o‘zlari va boshqalar uchun muammo tug‘dirmoqda.
Shuningdek, oxirgi paytlarda Turkiyada o‘zbekistonliklar ishtirokida yoki ularga nisbatan sodir bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Turkiyada yashayotgan xorijliklar, jumladan o‘zbekistonliklar xavfsizligi masalasi ham bir necha yildirki diqqat-e’tiborda. Xususan, joriy yilning 24 yanvar kuni Istanbulda ikki nafar vatandoshi tomonidan o‘ldirilgan o‘zbekistonlik Durdona Hakimova ishi ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. Bu holat nafaqat bir ayol fojiasi, balki Turkiyada yashab, ishlayotgan minglab o‘zbekistonliklar uchun ham xavfsizlik masalasini qayta ko‘tardi. Ayollar o‘limi bilan bog‘liq voqealar nafaqat o‘zbekistonliklar, balki Turkiya ayollar jamoatchiligi va faollarini ham larzaga solgan.
So‘rovnoma ishtirokchilarining fikricha, ayrim o‘zbekistonliklarning jinoyatga aralashuvi yoki noqonuniy hayot tarzi butun millat obro‘yiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Bir kishining xatosi uchun boshqalar ham bosimga tushyapti”, deydi vatandoshlar.
Shu bilan birga, suhbatdoshlar jinoyatni millat bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekani, Turkiyada ko‘plab turk ayollari ham o‘zbekistonlik ayollar huquqlarini himoya qilib, mitinglar o‘tkazganini eslatdi. Bu esa muammo millat emas, balki ijtimoiy va axloqiy ekanini ko‘rsatadi.
So‘rovnoma davomida eng achchiq tan olingan masalalardan biri – o‘zbekistonliklarning bir-biriga munosabati bo‘ldi. Ayrimlar bir-birini sotish, hasad, rashk va ishonchsizlikdan shikoyat qildi. Ish joylarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, aksincha, muammo tug‘dirayotgan holatlar borligi aytildi. Shu bilan birga, hamma joyda ham vaziyat bir xil emasligi, o‘zaro yordam va qo‘llab-quvvatlash mavjud jamoalar ham borligi qayd etildi.
Respondentlarning katta qismi Turkiya hukumati va jamiyatining o‘zbekistonliklarga nisbatan munosabatini ijobiy deb baholadi. “Qonuniy yashasang, hech kim seni ajratmaydi”, deydi uzoq yillardan beri Turkiyada istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz.
Turklar o‘zbekistonliklarni tarixiy va madaniy jihatdan yaqin deb bilishi, ko‘plab hollarda iliq munosabat ko‘rsatishi ham alohida ta’kidlandi.
Ushbu reportajni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi