Qobul Do‘sov manzil-koloniyada jazo o‘tashi ma’lum qilindi
3-sahifa
−
25 yanvar
42012
Avvalroq, kecha, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi sobiq deputat Qobul Do‘sovni Samarqand viloyatida hibsga olgani xabar qilingandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov mazkur holatga izoh berdi va Do‘sov nima sababdan qamoqqa olinganini tushuntirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmiga muvofiq Qobul Do‘sov (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. Sud hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 481-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan Do‘sovga sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilangan.
"Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan taqdimnomada Qobul Do‘sov axloqan tuzalish yo‘liga o‘tmaganligi, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotganligi, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmayotganligi hamda uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkoniyati yo‘qligini inobatga olib hamda sud hukmi ijrosiz qolayotganligi sababli Jinoyat kodeksining 481-moddasi 6-bandi va Jinoyat-ijroiya kodeksining 444-moddasi (ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik) 3-qismi “a” bandiga asosan Qobul Do‘sovning o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikdan cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish so‘ralgan", deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, ish hujjatlariga ko‘ra, Qobul Do‘sovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilib, unga jazo o‘tash qonun-qoidalari bilan tanishtirilgan va Jinoyat kodeksining 481-moddasi 6-qismi bilan ogohlantirilib, bu haqida tilxatlar olingan.
"Sud hukmida Qobul Do‘sovga belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan taqdirda Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 5- va 6-qismi talablari tushuntirilgan bo‘lishiga, shuningdek, unga internetdan foydalanmaslik qo‘shimcha taqiq yuklatilgan bo‘lishiga qaramasdan 2025 yil 4 yanvar kunidan 11 yanvar kuniga qadar uning nomiga ochilgan Telegram-kanaliga har xil mazmundagi materiallar joylashtirib kelganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan Qobul Do‘sov Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limiga chaqirtirilib, unga Jinoyat-ijroiya kodeksning 44-4-moddasi 1-qismiga asosan 2025 yil 11 yanvar kuni ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazosi qo‘llanilgan", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, joriy yilning 24 yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan Qobul Do‘sovga ogohlantirish intizomiy jazosi e’lon qilingan vaqtida ham, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganligi aniqlangan. Sud taqdimnomani muhokama qilib hamda ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topgan.
"Jinoyat kodeksining 481-moddasi 6-qismiga asosan agar shaxs ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin", deyiladi xabarda.
Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq Yashnobod tumani IIO FMB probatsiya bo‘limining taqdimnomasi qanoatlantirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum Qobul Do‘sovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 22 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida sobiq deputat Qobul Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingandi. Sud hukmiga muvofiq Do‘sov jabrlanuvchi (Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari) Farhod Boqiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
LiveBarchasi