“Qiyomat bo‘lgandek”. Jabaliya qochqinlar lageriga berilgan aviazarba oqibatlari (fotoreportaj)
Tahlil
−
01 noyabr 2023 9787 2 daqiqa
Isroilning G‘azo shimolidagi aholi zich joylashgan Jabaliya qochqinlar lageriga uyushtirgan zarbasi halokatli vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi va ko‘p sonli odam halok bo‘ldi.
Omon qolganlar va guvohlar CNN telekanaliga voqea haqida gapirib bergan.

“Men non sotib olish uchun navbatda turgandim, to‘satdan va hech qanday ogohlantirishsiz yetti-sakkizta raketa qulab tushdi. Yerda yetti-sakkizta ulkan teshik bor edi, ular o‘ldirilgan odamlar bilan to‘la, hamma joyda tana qismlari sochilib yotardi. Qiyomat yuz bergandek tuyuldi”, deydi voqea guvohi Muhammad Ibrohim.

Isroil mudofaa kuchlari tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, havo hujumida 1400 dan ortiq odam halok bo‘lgan va yuzlab odamlar garovga olingan. Shuningdek, HAMAS qo‘mondonlaridan biri sifatida tasvirlangan Ibrohim Biari o‘ldirilgani aytilmoqda.

Biroq HAMAS qochqinlar lagerida yetakchilaridan biri borligini qat’iyan rad etgan. HAMAS matbuot kotibi Hazem Qosim Isroilni Jabaliya lageridagi ushbu fojiani oqlashga urinayotganlikda ayblagan.

Voqeaga guvoh Muhammad Al Asvad zarbadan so‘ng yuz bergan dahshatli manzarani tasvirlab, CNN telekanaliga raketalar tushganini eshitib, oilasini tekshirish uchun qochqinlar lageriga yugurganini bildirgan.

“Chang ichida bolalar boshqa yaralangan bolalarni ko‘tarib yugurishdi. Jasadlar vayronalarda osilib turardi, ularning aksariyatini tanib bo‘lmasdi”, deydi Al Asvad.

"Hech kim tasavvur qila olmaydigan manzara"
Jabaliyaga eng yaqin yirik tibbiyot muassasasi bo‘lgan Indoneziya shifoxonasida aks etgan videolarda polda yotgan jasadlarning uzun qatori, shuningdek, ko‘p sonli yaradorlar, jumladan, bolalar, shifokorlar jarohatlarini davolash uchun shoshilishayotganini ko‘rish mumkin.

"Siz ko‘rayotgan narsa hech kim tasavvur qila olmaydigan manzara: yaralangan shahidlar, yuzlab kuygan jasadlar. Biz qila oladigan narsa – ularni qabul qilishda davom etish. Jarohatlarning aksariyati portlash oqibatlari – bosh jarohatlari va amputatsiyalardir", deydi shifokor Muhammad al Rann.

Jabaliya G‘azodagi eng katta qochqinlar lageri bo‘lib, 1,4 kvadrat kilometrga tarqalgan. Bu shuningdek, anklavdagi eng qashshoq hududlardan biri. Falastin Tashqi ishlar vazirligi zarbani qirg‘in deb ta’riflagan.


Live
Barchasi