Qirg‘izistonda prezidentlik saylovlari qachon bo‘lishi e’lon qilindi
Olam
−
29 iyul 5542 3 daqiqa
Bugun, 29 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlari saylovi to‘g‘risida”gi Qirg‘iziston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Qonun bilan quyidagi o‘zgartishlarni kiritish nazarda tutilgan:
- Navbatdagi prezidentlik saylovlari uning vakolat muddati tugaydigan yilning yanvar oyidagi to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkaziladi. Shu tariqa navbatdagi prezidentlik saylovlari 2027 yil 27 yanvar, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi;
- Jogorku Kenesh deputatligiga navbatdagi saylovlar amaldagi Jogorku Kenesh chaqirig‘ining konstitutsiyaviy muddati tugaydigan oyning chorshanba kunida o‘tkaziladi;
- Prezident va Jogorku Kenesh deputatlari saylovlarida ovoz berish kunlari ish beruvchining mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ish kuni sifatidagi ish haqi saqlangan holda dam olish kunlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, konstitutsiyaviy qonunda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
“Saylov manzili” instituti chiqarib tashlanadi;
Saylov uchastkalari qoida tariqasida har bir uchastkaga 4000 nafardan oshmagan saylovchi hisobidan tuziladi;
Nomzod sifatida o‘z nomzodini ko‘rsatish istagini bildirgan fuqarolar, shuningdek, nomzodlarni ko‘rsatish niyatida bo‘lgan siyosiy partiyalar ushbu konstitutsiyaviy qonunda nazarda tutilgan tartibda hujjatlarni topshirishdan oldin o‘zlarining saylov jamg‘armasini tashkil etishlari shart;
Nomzod, siyosiy partiya saylov jamg‘armasini shakllantirish, pul mablag‘larining kelib tushishi va sarflanishini hisobga olish tartibi Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya (MSK) tomonidan belgilanadi;
Nomzod sifatida o‘z nomzodini ko‘rsatish istagini bildirgan fuqaro Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyaning depozit hisob raqamiga ushbu konstitutsiyaviy qonunda belgilangan miqdordagi saylov badalini o‘z saylov jamg‘armasi mablag‘laridan kiritadi;
Nomzod sifatida o‘z nomzodini ko‘rsatish istagini bildirgan fuqaro, siyosiy partiya saylov badalini faqat va faqat o‘z saylov jamg‘armasi mablag‘laridan kiritadi;
Nomzod, siyosiy partiya har bir saylov uchastkasida uch nafardan oshmagan targ‘ibotchi miqdorida Qirg‘iziston fuqarolari bilan targ‘ibot xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzishga haqli;
Nomzod yoki siyosiy partiya tomonidan saylov badali kiritilganini tasdiqlovchi bank hujjati (asli) bo‘lmagan taqdirda, talablarga muvofiqlikni tekshirish amalga oshirilmaydi, nomzod sifatida o‘z nomzodini ko‘rsatish istagini bildirgan fuqaroning hujjatlari esa topshirilmagan deb hisoblanadi va qaytarib berilishi kerak;
Qoldirilgan imzolarni yig‘ish raqamli formatda – bulutli raqamli imzodan (BRI) foydalangan holda yoki faol saylov huquqiga ega saylovchilar o‘rtasida imzo varaqalarida amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda oxirgi prezidentlik saylovi 2020 yil oktyabr oyidagi parlament saylovlaridan so‘ng yuzaga kelgan siyosiy inqiroz va sobiq prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’fosi ortidan 2021 yil 10 yanvarda muddatidan ilgari o‘tkazilgan edi. Ushbu saylovda saylovchilarning 39,7 foizi ishtirok etgan va unda Sadir Japarov 79,2 foiz ovoz to‘plab, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi