Qariyalar ham ishlaydi: Germaniya pensiya yoshini keskin oshirmoqchi
Olam
−
24 iyun 4631 2 daqiqa
Germaniyada pensiya yoshini bosqichma-bosqich deyarli 70 yoshgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bu tashabbusni kansler Fridrix Mers qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Germaniya kansleri Fridrix Mers pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha ekspertlar komissiyasining takliflarini ma’qullagan. Ushbu takliflar 2090-yillarning boshlariga borib pensiya yoshini bosqichma-bosqich taxminan 70 yoshgacha oshirishni ko‘zda tutadi.
Nashrning yozishicha, bunday choralar aholining qarishi fonida pensiya tizimining barqarorligini saqlab qolish usuli sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Mamlakatda pensiya yoshini bir necha o‘n yilliklar davomida bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.
“Bundan tashqari, ekspertlar amaldagi muddatidan oldin pensiyaga chiqish mexanizmlaridan voz kechishni taklif qilmoqda. Mersning fikricha, bu kelajakda pensiya tizimidagi inqirozning oldini olishga va yosh avlod zimmasidagi moliyaviy yuklamani kamaytirishga yordam beradi”, deyiladi xabarda.
Kansler, shuningdek, ushbu islohot kelajak avlodlar uchun pensiya to‘lovlarini saqlab qolish imkonini berishiga ishonch bildirgan.
“Komissiyaning boshqa tavsiyalari qatorida majburiy pensiya badallarining bir qismini fond bozoriga investitsiya qilish, shuningdek, majburiy ajratmalarni davlat xizmatchilari va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ham tatbiq etish bor”, deyiladi xabarda.
Hozirgi vaqtda Germaniyada bo‘lajak pensionerlarning aksariyati uchun pensiya yoshi 67 yoshni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 1 iyulidan boshlab Ozarbayjonda ayollar uchun pensiya yoshi olti oyga oshirilib, 65 yoshga yetkazilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi