1 iyuldan boshlab ayollarning pensiya yoshi oshirilyapti. Ozarbayjonda!

Olam

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab Ozarbayjonda ayollar uchun pensiya yoshi yana oshirilmoqda. Bu haqda mamlakat mediasi yozmoqda. 

Ayollar uchun pensiya yoshi olti oyga oshirilib, 65 yoshga yetkaziladi. Shunday qilib, erkaklar va ayollar uchun pensiya yoshi tenglashtiriladi.

“Mehnat pensiyalari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ayollarning pensiya yoshi 2017 yil 1 iyuldan 2027 yil 1 iyulga qadar har yili olti oyga bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Erkaklar uchun xuddi shunday jarayon 2021 yil 1 iyulda yakunlandi, o‘shanda pensiya yoshi 65 yosh etib belgilandi.

Yoshga doir mehnat pensiyasini olish huquqiga pensiya yoshiga yetgan va shaxsiy sug‘urta hisobvarag‘ida eng kam pensiyani tayinlash uchun yetarli bo‘lgan pensiya kapitalini to‘plagan fuqarolar egadirlar. Pensiya kapitali yetarli bo‘lmaganda kamida 25 yillik sug‘urta stajiga ega bo‘lish talab etiladi.

Mehnat pensiyasi olish huquqini olmagan fuqarolar yoshga doir ijtimoiy nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab uning miqdori 220 manatni (taqriban 129 AQSH dollari) tashkil etadi.

Hozirda mehnat pensiyasining eng kam miqdori 320 manatni (taqriban 188 AQSH dollari) tashkil etadi. Yoshga doir pensiya umrbod tayinlanadi.

Ma’lumot uchun, ayollar uchun pensiya yoshining avvalgi oshirilishi 2025 yil 1 iyuldan kuchga kirgan – o‘shanda u 64 yosh-u 6 oygacha oshirilgan edi.

O‘zbekistonda "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, ayollar uchun umumiy pensiya yoshi 55 yosh etib belgilangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing