“Qamchiq“da yuk mashinasi yonib ketdi
3-sahifa
−
12 aprel
1861Kecha, 11 aprel kuni A-373 “Toshkent–O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni qismida “Toshkent–Vodiy” yo‘nalishida harakatlangan Changan rusumli avtotransport vositasida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Yong‘in soat 21:53 da yuzaga kelgan. FVV bergan xabarga ko‘ra, olovning chiqishiga mashinaning yukxonasida bo‘lgan elektroskuterning quvvatlagichida yuzaga kelgan qisqa tutashuv sabab bo‘lgan.
Alangani o‘chirish uchun voqea joyiga 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 22:09 da yetib borib, yong‘in soat 22:11 da o‘rab olingan va soat 22:12 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in tufayli avtotransport vositasining salon qismi hamda yukxonasi yonib zararlangan. Tezkor harakatlar natijasida yukxonada bo‘lgan 18 ta velosipeddan 9 tasi va 4 ta elektroskuterdan 1 tasi yong‘indan saqlab qolingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 aprel kuni “Qamchiq” dovonida Honda avtomobilining haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi to‘siqqa urilgandi va kyuvet (xandaq)ga tushib ketgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


