Isroilda raketa hujumi oqibatida Ozarbayjon fuqaroci halok bo‘ldi
Olam
−
10 mart 6317 1 daqiqa
Kecha, 9 mart kuni Isroil hududiga raketa hujumi oqibatida Ozarbayjon fuqarosi Amid Aligulloh o‘g‘li Murtuzov halok bo‘ldi. Bu haqda Ozarbayjonning Isroildagi elchixonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Amid Aligulloh o‘g‘li Murtuzov nafaqat Ozarbayjon, balki Isroil fuqaroligini ham olgan. Hodisa Yehud shahri hududidagi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan. Murtuzov Isroilning Petah Tikva shahrida yashab kelgan. Ko‘p yillar oldin oilasi bilan Isroilga ko‘chib o‘tib, uzoq vaqt yashab kelgan.
“Marhumning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat tilaymiz va hamdardlik bildiramiz”, deyiladi elchixona xabarida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 mart kuni Eron Isroilni kassetali o‘q-dorilar bilan jihozlangan raketalar orqali o‘qqa tutgandi.
Kassetali o‘q-dorilar nishonga tekkanida maydaroq o‘q-dorilarni sochib yuboradi, bu esa shikastlash maydonini sezilarli darajada kengaytiradi. Ular tinch aholi uchun o‘ta xavfli hisoblangani sababli, 120 dan ortiq davlat qo‘shilgan Kassetali o‘q-dorilar bo‘yicha konvensiya bilan taqiqlangan. Na Eron, na Isroil ushbu konvensiyani imzolagan. 8 mart holatiga ko‘ra, Isroilda Eron zarbalari oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan.
Biroz avval Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi AQSH va Isroilning Eronga uyushtirgan hujumlari oqibatida 15 mingdan ortiq kishi yaralangani haqida xabar berdi.
Live
Barchasi