Isroil falastinliklar uchun o‘lim jazosini qayta tiklamoqchi
Olam
−
04 noyabr 2025 2527 2 daqiqa
Isroil parlamenti terrorizm bilan bog‘liq qotilliklar bilan sudlangan falastinliklar uchun majburiy o‘lim jazosini qayta joriy etuvchi qonun loyihasini ilgari surmoqda. Bu haqda “Clash report” xabar berdi.
Qonun agar rasman qabul qilinsa, bu Isroilning 1962 yildan beri birinchi marta o‘lim jazosini qo‘llashi bo‘ladi va 70 yillikdagi moratoriyga chek qo‘yiladi.
Isroil 1954 yilda oddiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qildi va uni faqat 1950 yilgi natsistlar va natsistlar hamkorlarini jazolash to‘g‘risidagi qonunga muvofiq urush jinoyatlari, xiyonat va natsistlar hamkorligi uchun saqlab qoldi. Oxirgi qatl 1962 yilda, natsistlar amaldori Adolf Eyxmann osilganida sodir bo‘lgan.
2023 yilning mart oyida esa Knessetning dastlabki ovoz berishida “isroilliklarni millatchilik asosida o‘ldirishda” ayblangan falastinliklarga o‘lim jazosini tayinlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi. 2025 yilning 29 sentyabr va 3 noyabr kunlari Knesset Xavfsizlik qo‘mitasi uni to‘liq muhokama uchun ma’qulladi va hatto Bosh vazir Binyamin Netanyaxu ham qo‘llab-quvvatladi.
“Amnesty International”, “Adalah” va “Human Rights Watch” kabi inson huquqlari tashkilotlari qonun loyihasini faqat falastinliklarga taalluqli bo‘lgan “irqiy asoslangan” deb atamoqda. Ular harbiy sudlarda 99,7 foiz sudlanganlik darajasini va 2023 yilning oktyabridan keyingi 100 dan ortiq qiynoq shikoyatlarini keltirgan va qonun majburiy iqrornomalar asosida qatllarni qonuniylashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu tashabbusga Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va Jeneva konvensiyalarini buzadigan chora sifatida qaramoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda ikki tomon o‘rtasida AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan erishligan sulh davom etmoqda. Tomonlar tinchlik chizig‘ini bosib, bir necha bor bu sulhni buzgan bo‘lsa-da, keyinchalik yana hammasi o‘z iziga tushgan. So‘nggi bor HAMAS harakati tomonidan uch nafar halok bo‘lgan garovdagilarning jasadi solingan tobutlar Qizil Xoch orqali Isroil mudofaa kuchlari va Bosh xavfsizlik xizmatiga topshirilgandi.
Live
Barchasi