Isroil AQSHni Rossiya bazalarini “zaif” Suriyada saqlashga ko‘ndirmoqda – OAV

Olam

image

Isroil AQSHni Suriyani zaif va markaziy hukumatdan ajralgan holda qoldirishga, jumladan Rossiyaning harbiy bazalarini saqlab qolishiga ruxsat berishga da’vat qilmoqda. Bu bilan Isroil Turkiyaning mamlakatdagi ta’sirining ortishini cheklashni maqsad qilgan. Bu haqda mazkur harakatlar bilan tanish bo‘lgan to‘rt manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar G‘azo urushi davomida yanada keskinlashgan va Isroil rasmiylari Vashingtonga yangi Suriya hukumatining Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Isroil chegaralari uchun tahdid ekanini bildirgan. Bu harakatlar esa Isroilning AQSH siyosatiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan keng ko‘lamli kampaniyasi borligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Suriya uchun muhim davrda – Bashar Asad hokimiyatdan ketganidan keyin yangi hukumat mamlakatni barqarorlashtirishga va AQSH sanksiyalarini bekor qilishga intilayotgan bir vaqtda bu yondashuv o‘z ahamiyatini oshirmoqda.

Nashrning yozishicha, Isroil o‘z pozitsiyasini fevral oyida Vashingtondagi uchrashuvlarda hamda keyinchalik AQSH Kongressi vakillari bilan Isroilda o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida bayon qilgan.

Ikki manbaga ko‘ra, asosiy fikrlar Isroil tomonidan AQSH rasmiylariga taqdim etilgan maxsus “oq qog‘oz” hujjatida ham aks ettirilgan.

“Isroilning eng katta xavotiri shundaki, Turkiya yangi Suriya tartibini himoya qilib, u yerdagi holatni HAMAS va boshqa guruhlar uchun tayanch hududga aylantiradi”, deydi Century International tadqiqot markazi eksperti Aron Lund.

AQSH Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi bu masala bo‘yicha izoh bermagan. Shuningdek, Isroil Bosh vaziri idorasi, Suriya va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari ham izoh bermagan.

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroilning takliflarini qanchalik jiddiy ko‘rib chiqayotgani noma’lum. Tramp Suriya haqida kam gapirgan, shuning uchun ham sanksiyalar kelajagi va AQSHning shimoli-sharqiy Suriyadagi harbiy kontingentining taqdiri mavhum bo‘lib qolmoqda.

Lundning ta’kidlashicha, Isroil AQSHning qarashlariga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega, chunki yangi ma’muriyat Isroilga nisbatan nihoyatda ijobiy munosabatda.

“Trampning hozir Suriyaga e’tibori juda past. Bu kam ustuvorlikka ega masala va natijada siyosiy bo‘shliq paydo bo‘lgan”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Suriyaning kattaligi bo‘yicha ikkinchi dengiz porti hisoblanuvchi Tartusda Rossiya dengiz flotining moddiy-texnik ta’minot punkti joylashgan. 2024 yilning 12 dekabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Suriyaga yangi hukumat kelganidan keyin ham Rossiya o‘z harbiy bazalarini saqlab qolishiga umid bildirishini aytgan. Biroq Tartus viloyati Bojxona boshqarmasi rahbari Riyod Judi “Al Watan” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya kompaniyasi bilan Tartus dengiz portini boshqarish bo‘yicha kelishuvni bekor qilganini aytdi.

Keyinroq esa Suriya mudofaa vaziri Murhaf Abu Qasra Suriya Damashq manfaatlariga xizmat qiladigan kelishuvga erishilsa, Rossiyaga O‘rtayer dengizi sohilidagi – Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalarini saqlab qolish imkoniyatini berishga tayyor ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Suriya Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing