Isroil harbiylari falastinlik homilador ayolni otib o‘ldirdi
Olam
−
10 fevral 2025 8628 2 daqiqa
Isroil harbiylari bosib olingan G‘arbiy Sohilda hujumlarni kengaytirib, Falastin hududidagi Nur Shams qochqinlar lagerida o‘tkazilgan reydda ikki ayolni, jumladan, sakkiz oylik homilador ayolni otib o‘ldirdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, harbiylar lagerdagi falastinlik oilaga qarata o‘t ochgan va ayolni o‘ldirgan. Uning turmush o‘rtog‘i esa og‘ir yaralagan. Tibbiy guruhlar 23 yoshli ayolning homilasini saqlab qola olmagan. Chunki Isroil harbiylari yarador er-xotinni shifoxonaga olib ketishga to‘sqinlik qilgani aytilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 21 yoshli ayol ham o‘z uyida isroillik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan. Falastinning “Wafa” agentligi Isroil armiyasi 9 fevral kuni G‘arbiy Sohilning Tulkarem provinsiyasidagi lagerga bostirib kirgani va og‘ir texnika hamda buldozerlarni joylashtirganini ma’lum qilgan.
“Avvalroq Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati qurbonlar haqidagi xabarlarga qaramay, Isroil askarlari o‘z tibbiy guruhlarining lagerga kirishiga to‘sqinlik qilganini aytgandi. Isroil armiyasi yuqoridagi holatlar bo‘yicha tekshiruv olib borayotganini ma’lum qildi. Lagerda “buzg‘unchi faoliyat”ga qarshi operatsiya o‘tkazayotganini da’vo qilgan Isroil hududda komendantlik soati joriy etgan.
So‘nggi bir necha hafta ichida hujumlar oqibatida 26 mingdan ortiq falastinlik Jenin va Tulkaremdagi uylaridan ko‘chirildi. O‘tgan oyda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganidan beri Isroil bosib olingan G‘arbiy sohil bo‘ylab hujumlar chastotasi va intensivligini oshirdi”, deyiladi xabarda.
Isroil askarlari o‘nlab oilalarni majburan ko‘chirganidan bir kun o‘tib, fuqarolarning uylariga reydlar davom etmoqda, ularning ba’zilari maktablarda boshpana topmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil kuchlari bosib olingan G‘arbiy Sohilda ikki yoshli falastinlik qizni otib o‘ldirgandi.
Live
Barchasi