Isroil harbiylari 2 yoshli falastinlik qizchani otib o‘ldirdi

Olam

image

Isroil kuchlari bosib olingan G‘arbiy Sohilda ikki yoshli falastinlik qizni otib o‘ldirdi. Bu haqda “Al-Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Laila al-Xatib ismli qiz joriy yilning 25 yanvar kuni boshiga o‘q uzilganidan so‘ng vafot etgan. Qizning homilador onasi ham hujumda yengil jarohat olgani aytilmoqda.

Isroil harbiylari voqeani tekshirayotganini, falastinlik jangchilar borligi haqida ma’lumot olishgach, binoga o‘t ochilganini iddao qilgan.

Al-Xatibning buvisiga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganida oila kechki ovqat qilayotgan bo‘lgan.

“Otishmalar bo‘ldi va derazalar sindi. Qizlar o‘q ovozlarini eshitgach, ichkariga yugura boshladi. Onasi uni ovqatlantirayotganda snayper o‘qi uning boshiga tegdi”, deydi u va qiz onasining yagona farzandi ekanini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, Isroil armiyasi so‘nggi yillarda Falastin qarshiligining ramzi sifatida qaralgan Jeninda bir necha marta reydlar va bosqinlar o‘tkazdi. Uning so‘nggi operatsiyasi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirganidan bir kun o‘tib boshlandi. Sektorda taxminan 15 oy davom etgan Isroil hujumlari oqibatida 47 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgandi.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Jenin va unga tutash qochqinlar lagerida davom etayotgan harbiy amaliyot kamida 14 falastinlikning hayotiga zomin bo‘lgan. O‘nlab odamlar yaralandi, minglab odamlar uy-joylarini tark etishga majbur bo‘ldi.

Isroil armiyasining reydlari ko‘plab odamlarning qurbon bo‘lishidan tashqari, asosiy yo‘llarni buldozerlash va uylarni buzish kabi keng vayronagarchiliklarga olib keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil falastinlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing