Ispaniya – Fransiya: yashirin final yoxud futbol falsafalari to‘qnashuvi

Tahlil

image

Bugun, 14 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 23:55 da Jahon chempionatining dastlabki yarim finalida Ispaniya va Fransiya terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Ushbu uchrashuvni ko‘pchilik “erta final” yoki “yashirin final” deb atamoqda. Zero, bu bahsda nafaqat hal qiluvchi o‘yinga yo‘llanma, balki futbol tarixida yana bir yorqin sahifa yozish imkoniyati ham o‘rtaga qo‘yilgan.

Amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya so‘nggi ikki yildan ko‘proq vaqt mobaynida mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Luis de la Fuente shogirdlari 36 uchrashuvdan buyon mag‘lub bo‘lmagan va agar bu safar ham g‘alaba qozonsa, Italiya terma jamoasining 37 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga tenglashadi.

Fransiya uchun ham mazkur bahs alohida ahamiyat kasb etadi. Bu Dide Desham boshchiligidagi jamoaning eng muhim sinovlaridan biri hisoblanadi. Futbolchi sifatida ham, murabbiy sifatida ham Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Desham endi murabbiy sifatida uchinchi bor finalga chiqish imkoniyatiga ega. Agar fransuzlar g‘alaba qozonsa, u Vittorio Potssodan keyin Jahon chempionatida ikki marta chempion bo‘lgan ikkinchi bosh murabbiy sifatida tarixga kirishi mumkin.

Ikki mustahkam himoya to‘qnashuvi

Ispaniya va Fransiya odatda yulduzli hujum chizig‘i bilan tilga olinsa-da, bu safar asosiy e’tibor ularning himoyasiga qaratilishi mumkin.

Ispaniya o‘z himoyasini to‘p nazorati orqali qurishni afzal ko‘radi va raqibni to‘psiz qoldirish orqali xavfli vaziyatlarni kamaytirishga intiladi. Ular uchun eng yaxshi himoya – bu to‘pni o‘z nazoratida ushlab turishdir.

Fransiya esa butunlay boshqacha uslubga tayanadi. Dide Desham jamoasi zarur paytda tashabbusni raqibga berib, ixcham himoyalanish va qarshi hujumlarga tayanishni ma’qul ko‘radi. Bu uslub yillar davomida fransuzlarning eng katta quroliga aylangan.

Murabbiylarning tanlovida ham farq seziladi. Luis de la Fuente deyarli o‘zgarmas himoya chizig‘iga ishonadi. Mark Kukurelya, Aymerik Lyaport, Pau Kubarsi va Pedro Porro muntazam asosiy tarkibda maydonga tushmoqda. Desham esa raqibga qarab himoyachilarni almashtirishni va rotatsiya orqali futbolchilarni yuqori sport formasida ushlashni afzal biladi.

Raqamlar Fransiya tarafda, tarix esa Ispaniyaga umid bag‘ishlaydi

Statistikaga nazar tashlansa, yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lda Fransiya ancha ishonchli ko‘rinmoqda. Dide Desham shogirdlari turnirdagi oltita uchrashuvning barchasida g‘alaba qozonib, raqiblar darvozasiga 16 ta gol urdi va o‘z darvozasidan atigi ikki marta to‘p olib chiqdi. Chorak finalda Marokash 2:0 hisobida mag‘lub etildi va fransuzlar ketma-ket uchinchi Jahon chempionatida yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu natija Fransiyani tarixda ketma-ket uchta Jahon chempionatida (2018, 2022 va 2026) yarim finalga chiqqan uchinchi terma jamoaga aylantirdi. Ilgari bunday natijaga faqat Germaniya va Braziliya erishgan.

Fransiyaning asosiy quroli esa, shubhasiz, Kilian Mbappe bo‘lib turibdi. U turnirda oltita uchrashuvda sakkizta gol urdi va ketma-ket ikki Jahon chempionatida sakkiztadan gol urgan tarixdagi ilk futbolchiga aylandi. Shuningdek, u 2026 yilgi mundialda eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida Lionel Messining natijasiga ham yetdi.

Yana bir muhim rekord – Mbappe Fransiya terma jamoasi tarixida 100 ta golli harakat (64 gol va 36 assist) qayd etgan birinchi futbolchiga aylandi. Agar Fransiya Ispaniyani ham mag‘lub etsa, bir mundialda ketma-ket yettita g‘alabaga erishgan tarixdagi ikkinchi jamoaga aylanadi. Bu natijaga shu paytgacha faqat 2002 yilgi Jahon chempionatida Braziliya erishgan edi.

Bundan tashqari, finalga chiqilsa, Mbappe ketma-ket uchta Jahon chempionati finalida maydonga tushgan tarixdagi ikkinchi futbolchi bo‘ladi. Bu natijaga hozircha faqat braziliyalik Kafu (1994, 1998, 2002) erishgan. 

Darvozabonlar ham hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin

Bu yarim finalda ikki kuchli darvozabon ham o‘zaro raqobatlashadi. Fransiya posboni Mayk Menyan turnir davomida bir necha muhim seyvlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, Norvegiyaga qarshi bahsda penaltini qaytarib, jamoasini qutqarib qolgani uning eng yorqin epizodlaridan biri bo‘ldi.

Ispaniya darvozaboni Unai Simon esa uzoq vaqt gol o‘tkazmagan bo‘lsa-da, Belgiyaga qarshi uchrashuvda bir nechta xatolarga yo‘l qo‘ydi. Shu bois yarim finalda unga nisbatan bosim yanada yuqori bo‘ladi.

Mbappe va Yamal – asosiy yulduzlarmi?

Uchrashuv oldidan barcha e’tibor Kilian Mbappe va Lamin Yamalga qaratilgan. Mbappe turnirning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. U muntazam gol urib, golli uzatmalar bermoqda hamda yetakchilik fazilatlarini namoyon qilmoqda.

Yamal esa jarohatdan keyin maydonga qaytdi. U ayrim epizodlarda o‘z iqtidorini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, hozircha Ispaniya hujumining asosiy hal qiluvchi kuchi bo‘lib turgani yo‘q. Biroq mustahkam himoyalar sharoitida aynan boshqa futbolchilar natijani hal qilishi ham mumkin. Fransiya safida Maykl Olise o‘zining kreativ harakatlari bilan xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lsa, Ispaniyada Pedri yarim himoyani boshqarish va hujumlarni tashkil etishda hal qiluvchi figura bo‘lishi kutilmoqda.

“Opta” kimni favorit deb hisoblamoqda?

“Opta” superkompyuteri hisob-kitoblariga ko‘ra, Fransiya yarim finalda g‘alaba qozonib finalga chiqish ehtimoli 53,96 foizni tashkil etadi. Ispaniyaning imkoniyati esa 46,04 foiz deb baholangan. Chempionlik uchun asosiy favorit ham Fransiya hisoblanmoqda – 33,38 foiz. Ispaniya esa 27,55 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Ispaniya ham tarix yozish arafasida

Ispaniya chorak finalda Belgiyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, 2010 yildan beri ilk bor Jahon chempionati yarim finaliga chiqdi. G‘alaba golini 88-daqiqada Mikel Merino kiritdi. Shu tariqa, ispanlar 2010 yildagi chempionlikdan keyingi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Bu davr mobaynida jamoa ikki marta 1/8 finalda (2018 va 2022), bir marta esa (2014) guruh bosqichida musobaqani tark etgan edi.

Belgiyaga qarshi bahsda Ispaniyaning gol o‘tkazmaslik seriyasi ham yakunlandi. Darvozabon Unai Simon Jahon chempionatida 649 daqiqa davomida gol o‘tkazmay, yangi rekord o‘rnatdi. Ispaniya safida yana bir e’tiborli shaxs – Lamin Yamal. U bitta Jahon chempionatida oltita uchrashuvda ishtirok etgan 18 yosh va undan kichik yoshdagi tarixdagi birinchi futbolchiga aylandi. Fransiyaga qarshi bahs arafasida esa Yamal 19 yoshini nishonladi. Bosh murabbiy Luis de la Fuente raqib kuchini yuqori baholagan holda, bir jihatga alohida urg‘u berdi:

“So‘nggi ikki yarim finalda – Yevro-2024 va Millatlar ligasida – Fransiyani mag‘lub etgan yagona jamoa biz bo‘ldik.”

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

  • Ispaniya va Fransiya shu kungacha o‘zaro 38 marta to‘qnash kelgan.
  • Ispaniya – 18 ta g‘alaba 
  • Fransiya – 13 ta g‘alaba 
  • Durang – 7 ta 
  • To‘plar nisbati ham Ispaniya foydasiga – 71:44.

Jahon va Yevropa chempionatlari doirasida esa jamoalar olti marta to‘qnash kelgan:

  • Ispaniya – 2 g‘alaba
  • Fransiya – 3 g‘alaba
  • Durang – 1 ta 

Jahon chempionatidagi yagona o‘zaro bahs 2006 yilgi mundialning 1/8 finalida bo‘lib o‘tgan va o‘shanda Fransiya 3:1 hisobida g‘alaba qozongan.

Biroq so‘nggi ikki muhim to‘qnashuv Ispaniya ustunligida o‘tdi:

  • Yevro-2024 yarim finali: Ispaniya – Fransiya 2:1
  • UEFA Millatlar ligasi-2025 yarim finali: Ispaniya – Fransiya 5:4 

Shu bois, bu safargi bahs nafaqat finalga chiqish uchun kurash, balki Fransiyaning revansh olish yoki Ispaniyaning so‘nggi yillardagi ustunligini yana bir bor isbotlash imkoniyati ham bo‘ladi.

Tarixiy ahamiyatga ega yarim final
Yaqinlashayotgan bahs Jahon chempionatining eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Bu nafaqat ikki kuchli terma jamoa, balki ikki xil futbol falsafasi va ikki xil g‘alaba qozonish uslubining to‘qnashuvidir.

Ispaniya o‘yin tempini nazorat qilish va raqibni asta-sekin bosim ostiga olishga harakat qiladi. Fransiya esa sabr-toqat bilan o‘z imkoniyatini kutib, qarshi hujumlarda raqibni jazolashni rejalashtiradi.

Qaysi jamoa ustun kelishini taxmin qilish oson emas. Bir tomonda ketma-ket 36 uchrashuvda mag‘lub bo‘lmagan Ispaniya, ikkinchi tomonda esa afsonaviy Dide Desham boshchiligidagi amaldagi vitse-chempioni Fransiya. Bu savolga javobni faqat maydonning o‘zi beradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing