Iroqda 600 dan ortiq ziyoratchi xlordan zaharlandi (video)
Olam
−
11 avgust 2655 2 daqiqa
Kecha, 10 avgust kuni Iroqda 621 nafar ziyoratchi xlordan zaharlanishi oqibatida shifoxonaga yotqizildi. Hodisa mamlakatning markaziy va janubiy qismida joylashgan Najaf va Karbalo shaharlari o‘rtasidagi yo‘lda yuz bergan. Bu haqda Iroq Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Al Jazeera” xabar beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 621 nafar odam nafas olish muammolari bilan ro‘yxatga olingan. Ularning barchasiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va yaxshi ahvolda shifoxonadan chiqarilgan. Ziyoratchilar xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xavfsizlik kuchlari voqea sababi sifatida Karbalo-Najaf yo‘lida joylashgan suv ta’minoti stansiyasidan xlor sizib chiqishini ko‘rsatgan.
“Ularning barchasiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi va sog‘lom holda shifoxonani tark etishdi”, deyiladi xabarda.
“Al Jazeera”ning yozishicha, Iroq infratuzilmasining katta qismi o‘nlab yillar davom etgan urushlar, ichki mojarolar va korrupsiya sabab achinarli ahvolda bo‘lib, xavfsizlik qoidalariga rioya etish ko‘pincha ta’minlanmaydi. Xususan, joriy yilning iyul oyida mamlakat sharqidagi Kut shahridagi savdo markazida katta yong‘in yuz berib, 60 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi hojatxonalarda bo‘g‘ilib qolgan.
Ma’lumot o‘rnida, Iroqning Karbalo shahriga har yili millionlab shia musulmonlari Imom Husayn va uning ukasi Abbos maqbaralarini ziyorat qilish uchun boradi. Shuningdek, ushbu shaharda ular Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning nabirasi Husaynning o‘limini xotirlab, 40 kunlik motam tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dog‘istonning Magaramkent tumanida uch kun ichida 302 kishi, jumladan, 294 bola suvdan zaharlanib, markaziy tuman shifoxonasiga ichak infeksiyasi belgilari bilan murojaat qilgandi.
Live
Barchasi