IIB xodimlari nogiron ayolni kaltakladi(mi?)
Tahlil
−
20:44 530 3 daqiqa
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki nafar mahalla inspektori bir ayolni tepib, kaltakladi. Bu haqda jabrlanuvchi ayol QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, u 1995 yilda tug‘ilgan bo‘lib, poytaxtdagi nufuzli oliygohlardan birida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi. Ayol birinchi turmushidan 10 yil davomida farzand ko‘rmagani sabab ajrashgan va keyinchalik boshqa shaxsga shar’iy nikoh asosida turmushga chiqqan. Ular Mirzo Ulug‘bek tumani TTZ-1 mahallasi, Buyuk Ipak yo‘li 5-tor ko‘chasidagi xonadonda yashab kelgan va bu nikohdan bir nafar farzandli bo‘lgan.
Biroq ayolning aytishicha, unda o‘tkir yurak yetishmovchiligi kuzatilib, salomatligi kundan kunga yomonlashgan. Shu sababli u 2025 yil avgust oyida yurak amaliyotini boshdan kechirgan. Shundan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlari izdan chiqqan.
2025 yil dekabr oyida ayol davolanib uyiga qaytgach, doimiy yashab kelgan xonadonda boshqa ijarachi oila yashayotganini ko‘rgan. Qish fasli ekani va oilasini saqlab qolish maqsadida u uyga kirib, vaziyatga oydinlik kiritishga uringan. Biroq ijarachilar bilan o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan. Shundan so‘ng voqea joyiga uchastka nozirlari yetib kelgan. Ayolning ta’kidlashicha, janjal ijarachilar bilan emas, balki IIB xodimlari bilan davom etgan.
Mazkur holat QALAMPIR.UZ tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgandan so‘ng Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 10 dekabr kuni ayol onasi va singlisi bilan ushbu xonadonga kelib, ijarada yashayotgan fuqarolar bilan janjallashgan. Voqea joyiga profilaktika inspektorlari A.Xoliyorov va U.Xamidullayev yetib borib, vaziyatni tinchlantirishga harakat qilgan.
Shu jarayonda ayol xonadon eshigi oldiga yotib olib, uydan ketmasligini bildirgan va janjalni davom ettirgan. Janjalga ijarachining otasi ham aralashgan. Oqibatda ayolning onasi yengil tan jarohati olgan.
Holat yuzasidan ayol, uning onasi va singlisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, hujjatlar Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga yuborilgan. Biroq ular bir necha bor chaqirilganiga qaramay, sudga kelmagani qayd etilgan.
Shu bilan birga, masalaning boshqa jihatlari ham bor. Aytilishicha, II guruh nogironi bo‘lgan ushbu ayol 2025 yil dekabr oyidagi voqeadan buyon besh oy davomida vakolatli organlarga murojaat qilib kelmoqda. Biroq uning murojaatlari yetarlicha o‘rganilmayotgani aytilmoqda. Ayolning yaqinlari, xususan, otasi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan uning qizi kaltaklanganini iddao qilib, adolat izlab yurganini bildirdi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mazkur organlarning asosiy vazifalaridan biri fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iborat. Shuningdek, qonunga ko‘ra, IIB xodimlari o‘z faoliyatini qonuniylik va inson huquqlariga hurmat tamoyillari asosida amalga oshirishi shart.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi