“Insonlarni sog‘lig‘i biznesga aylanib ketdi”. Turdimov ayrim shifokorlarni ogohlantirdi

Jamiyat

image

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tibbiyot sohasi vakillari ishtirokida videoselektor o‘tkazib, unda ushbu sohadagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Hokim birinchi navbatda e’tiborni ayrim shifokorlar tomonidan dori ishlab chiqaruvchi turli firmalar bilan kelishgan holda bemorlarga kerak bo‘lmagan dorilarni yozib berish holatlarini tanqid qildi.

“Noinsoflar, o‘tirasanda retsept yozaverasan, cho‘ntagidan “uraverasan”. Bitta Samarqand 482 million dollar boshqa davlatlarga pul ko‘chirib dori sotib oladi. Boshqa davlatni odamlarini ish bilan ta’minlaymiz, boshqa davlatni byudjetini to‘ldiramiz. Boshqa davlatlarni boy qilamiz. O‘zimiz mayib bo‘lamiz u dorilarni yeyaverib. “Pachkalab”, tonnalab dori yeymiz”, degan Turdimov.

Ta’kidlanishicha, ko‘plab shifokorlar bemorlarni aldab, mavjud bo‘lmagan kasalliklarga tashxis qo‘yib, ularga farmatsevtika kompaniyalari manfaatiga dori sotib olishga majbur qilmoqda.

“Insonlarni sog‘lig‘i biznesga aylanib ketdi. Ko‘plab shifokorlar o‘zining tanish dorixonasi orqali dori yozib beradi, standartlarga amal qilmaydi. Har hafta hisobot qilib borish kerak: qaysi noinsof dorixonachi, qaysi noinsof shifokor standartdan chiqdi”, degan viloyat hokimi. 

Shuningdek, Turdimov xususiy shifoxonalarda retseptga kerak bo‘lmaydigan dorilar yozib beriladigan bo‘lsa, ularni yopish choralarini ko‘rishini aytgan. 

“Ularni sudga beramiz. Keyin bosh shifokori va ta’sischisini xalqqa tanishtiramiz. Buni hamma darajadagi xususiy klinikalar o‘zlariga yozib olishi kerak. Xalqni sog‘lig‘i orqasidan boylik orttirishni kim niyat qilayotgan bo‘lsa, u o‘ziga dushmanlik qilayotgan odam bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan bizni samarqandlik fuqarolarimiz ham bilishi kerak: qancha ko‘p dori ichsangiz sizga foydasi yo‘q u dorini”, degan Erkinjon Turdimov.

Videoselektorda qatnashgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i esa Samarqand shahar 1-son bolalar shifoxonasida joriy yilning 30 noyabr kuni bemorni laborator tekshiruvlardan o‘tkazish uchun xususiy shifoxonaga blank-kelishuv asosida yuborilgani aniqlanganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur shifoxonaning o‘zida laborator tekshiruvlari uchun barcha uskunalar mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, bemorga davolash standartida belgilangan dorilardan tashqari qo‘shimcha, bemorga keragi bo‘lmagan turli firmalarning qimmat dorilari ham yozib berilgan.

Shuningdek, hokim Turdimov ayrim tibbiyot muassasalarida mahalliy byudjetdan ayrim dori-darmonlar ajratilgan bo‘lsa-da, bemorlar dorilarni ko‘chadagi dorixonalardan sotib olayotganini tanqid qilgan.

“Shifoxonalarning har bir kirish joyiga qanday dorilar borligini yozib qo‘yish kerak, deb avval ham aytgandim. Agar ro‘yxatni o‘zgartirish yoqmasa, taxtaga bo‘r bilan yozib qo‘ying. Qaysi dorilar mavjud, qaysi dorilar bepul, qaysi dorilar pullik ekanini yozish kerak. O‘sha joydagi bemorlar bilishi kerak. Tumanlarda ayrim bemorlar shpritsni ham o‘zim olib kelganman, derdi”, dedi Turdimov. 

Bundan tashqari, hokim viloyat sog‘liqni saqlash mas’ullariga tizimni raqamlashtirish, unda shifokorlar tomonidan yozilgan har bir raqamlangan retsept va davolash retseptidagi qoidabuzarliklarni qayd etish vazifasini yuklatgan. U tibbiyot xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga standartdan chiqib retsept yozgan xodimlar ishdan bo‘shatilishi haqida band qo‘shish kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Erkinjon Turdimov iste’mol muddati o‘tgan mahsulotlarni sotgan do‘kondorlarni ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Erkinjon Turdimov tibbiyot shifokor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing