Indoneziyadagi ko‘chkida 23 nafar askar halok bo‘ldi
Olam
−
27 yanvar 1115 2 daqiqa
Indoneziyaning G‘arbiy Yava viloyatida joriy yil 24 yanvar kuni erta tongda sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida kamida 23 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy rasmiylarga tayanib, “The Straits Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘chki Indoneziya poytaxti Jakarta shahridan taxminan 100 kilometr janubi-sharqda joylashgan Pasir Langu qishlog‘ida yuz bergan. Indoneziya Dengiz kuchlari vakili, birinchi admirali Tunggulning aytishicha, ko‘chki paytida Indoneziya–Papua-Yangi Gvineya chegarasida xizmat qiluvchi dengiz piyodalari uchun o‘tkazilayotgan harbiy mashg‘ulot davom etayotgan bo‘lgan. Oqibatda 23 nafar askar tuproq ostida qolib ketgan.
“Hodisa kuchli yog‘ingarchilik bilan kechgan ekstremal ob-havo sharoiti tufayli yuz berdi. Bu mashg‘ulot maydonida ko‘chki kelib chiqishiga olib keldi”, deydi Tunggul.
Indoneziya Tabiiy ofatlarni bartaraf etish agentligi vakili Abdul Muharining ma’lum qilishicha, ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni dastlab 17 nafar deb e’lon qilingan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich 20 nafarga yetgan. Shuningdek, 42 kishi hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Qutqaruv ishlariga 800 nafardan ortiq qutqaruvchi, harbiy va politsiya xodimlari, shuningdek, 9 ta ekskavator jalb qilingan. Bundan tashqari, xavfli hududdan 685 nafar mahalliy aholi vaqtincha evakuatsiya qilingan.
Xabarlarga ko‘ra, ko‘chki Yava orolida yomg‘irli mavsum eng yuqori cho‘qqiga chiqqan paytda sodir bo‘lgan. So‘nggi kunlarda Indoneziyaning bir qator hududlarida, jumladan Jakarta, G‘arbiy va Markaziy Yava viloyatlarida kuchli yomg‘irlar sabab suv toshqinlari va ko‘chkilar kuzatilmoqda.