Indoneziyada dahshatli zilzila: qurbonlar soni ko‘paymoqda (fotoreportaj)

Olam

image_2026-08-15_16-34-05

Avvalroq, Indoneziya sharqiy sohillari yaqinida 7,7 magnitudali zilzila va o‘nlab takroriy silkinishlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 38 kishiga yetdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, zilzila bugun, 15 avgust kuni ertalab sodir bo‘lgan. Undan keyin o‘nlab aftershoklar qayd etilgan. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda, ammo zilzila epitsentriga eng yaqin hududlarga qutqaruvchilar hali yetib bormagan.

Indoneziya Milliy ofatlarni boshqarish agentligi rahbari Suxaryantoning ma’lum qilishicha, soat 15:00 holatiga ko‘ra, 38 kishi halok bo‘lgan, ikki kishi og‘ir, yana 11 kishi yengil jarohat olgan. Taxminan 2 ming kishi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.

Qayd etilishicha, Maumere port shahrida qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan 20 kishining jasadini topgan. Yana olti kishi jarohatlangan, ikki kishi esa vayronalar ostida qolgan.

Shuningdek, zilzila oqibatida bir qator binolar vayron bo‘lgan, ko‘chkilar yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. Ayrim hududlarda elektr ta’minoti uzilgan va transport harakatida tirbandliklar yuzaga kelgan.

Epitsentrga eng yaqin Nagekeo hududiga qutqaruv guruhlari hali yetib bormagan. Ma’lum qilinishicha, ko‘chkilar sababli avtomobillarda harakatlanish imkonsiz bo‘lgan. Ayrim qutqaruvchilar hududga parom orqali yetib borishga urinmoqda.

Sharqiy Nusa-Tengara provinsiyasi gubernatori Emanuel Melkiades Laka Lena zilzila paytida binolar qulashi oqibatida kamida besh kishi uyquda halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Zilziladan keyin ayrim hududlarda balandligi bir metrdan kam bo‘lgan sunami to‘lqinlari qayd etilgan. Sunami xavfi haqidagi ogohlantirish zilziladan taxminan uch soat o‘tib bekor qilingan.

Indoneziya Geofizika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, birinchi silkinish mahalliy vaqt bilan soat 04:58 da, 15 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Keyinchalik bir nechta takroriy silkinishlar sodir bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 1992 yilda mazkur hududda 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 avgust kuni Kolumbiyaning g‘arbiy qismida 7,4 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing