Imomali Rahmon Rossiya razvedkasiga “ko‘rsatgan karomati uchun” rahmat aytdi
Olam
−
21 noyabr 2023
14601Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya huquq-tartibot idoralari va maxsus xizmatlariga hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildirdi. U bu haqda bugun, 21 noyabr kuni Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng matbuot xodimlariga gapirgan.
“Mamlakatlarimizning xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorligini ta’kidlab, Rossiya Federatsiyasi huquq-tartibot idoralari va razvedka xizmatlariga ularning yaxshi muvofiqlashtirilgan faoliyati va Tojikistonning tegishli idoralari bilan o‘zaro hamkorligi uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman”, degan Tojikiston Prezidenti.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat terrorizm, ekstremizm, radikalizm ko‘rinishlari, narkotik moddalar kontrabandasi, kiberjinoyatchilik va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qiladi.
“Muzokaralar chog‘ida biz BMT, MDH, SHHT, KXSHT va boshqa xalqaro va mintaqaviy birlashmalar doirasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish tarafdori ekanimizni bildirdik”, deydi Tojikiston rahbari.
Rahmon Rossiya va Tojikiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlik geografiyasini kengaytirish ikki davlat o‘rtasidagi savdo va boshqa sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini, shuningdek, xalqlar do‘stligini mustahkamlashga xizmat qilishini qo‘shimcha qildi.
“Biz mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat beramiz. Bugungi kunda Rossiyaning 80 dan ortiq federal va xo‘jalik sub’ektlari Tojikiston bilan hamkorlik qilmoqda. Mintaqalararo aloqalar geografiyasining yanada kengayishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga ham xizmat qilishiga ishonaman”, deydi u.