Ikki viloyatda elektr ta’minoti tizimidagi poraxo‘rlar ushlandi
3-sahifa
−
29 iyun 4738 2 daqiqa
Surxondaryo va Andijon viloyatlarida hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining mas’ul shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Sho‘rchi tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarlik holati yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagich o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilgan. Muhandis dastlab 200 AQSH dollari va 1 mln 50 ming so‘m olgan. DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza etuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 500 AQSH dollari va 2,4 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, Andijon viloyatida kuzatilgan holatda Baliqchi tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman ETK xodimlarining faoliyat ko‘rsatkichlarini baholaydigan oylik hisobotlarini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal etib berish evaziga pul talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs ETK xodimlari tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan va Toshkent viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilgan edi.
Live
Barchasi