Ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi
Jamiyat
−
28 fevral
5504Vazirlar Mahkamasining “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi:
- xususiy sheriklarni tanlash mezonlari;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshiriladigan hududlarni aniqlash shartlari;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, bu borada tomonlarning manfaatlari, huquq, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilash;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida xizmat ko‘rsatish tariflarini belgilash va ekspluatatsiyani amalga oshirish.
Shuningdek, loyihani amalga oshirishda quyidagilar belgilandi:
a) ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalari xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish shakllarida amalga oshiriladi;
b) bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanadi. Bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak;
v) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan ob’ektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga topshiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 2024 yil 1 iyunga qadar kelgusida har yili 1 fevralga qadar:
- ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari faoliyati samaradorligining asosiy mezonlarini belgilash va baholash orqali samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlarni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarish takliflarini;
- ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv chiqarish xizmatlari joriy etilmagan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xizmat ko‘rsatish takliflarini ommaviy axborot vositalarida va o‘zining rasmiy veb-saytida joylashtiradi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi