“G‘ururingizga o‘t tushdi”. Alisher Qodirov futbolchilarni keskin tanqid qildi
Sport
−
25 iyun 68404 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi “xizmat ko‘rsatgan” futbolchilar bilan xayrlashib, shu Jahon chempionatining o‘zidayoq keyingi saralash davrida foyda beradigan futbolchilarga imkoniyat berish lozim. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasining AQSHning Xyuston shahridagi NRG stadionida bo‘lib o‘tgan Portugaliyaga qarshi uchrashuvdagi 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatidan so‘ng mutasaddi va futbolchilarni ayovsiz tanqid qildi.
“Bu mundialda jamoani yarmi bo‘la oladigan darvozabon yo‘q edi, jiddiy bo‘shliq. Fikrim o‘zgardi, Osiyo kubogini olish degan xomxayol bilan birga tarkibdagi “xizmat ko‘rsatgan”lardan kechib, shu musobaqadayoq keyingi saralash davrida ishlaydigan tarkibni o‘ynatish kerak”, deb yozadi Qodirov.
Shuningdek, deputat terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Behruz Karimov, Abbos Fayzullayev va Abduqodir Husanov kabi futbolchilar atrofida terma jamoani shakllantirishini va kelasi ikki Jahon chempionati saralash bosqichida ham raqobatlasha oladigan 30 nafarlik tarkibni aniqlashtirishi kerakligini aytib o‘tdi.
“Ha, siz bunga loyiq emassiz deb ayta olmayman, chunki maydon tekis, to‘p yumaloq va ularda sizdan ortiq o‘yinchi, oyoq yoki qo‘l yo‘q edi, lekin siz bunga rozi emassiz, umid beradigan qismi shu yerda… Bosim bo‘ladimi, momaqaldiroq chaqadimi – Kongo bilan o‘yinni biz emas, o‘zingiz uchun o‘ynang, futbolchi nonini yeyapsiz, g‘ururingizga o‘t tushdi, adashmasam…”, deb yozadi Qodirov.
Fikrlari so‘ngida Qodirov O‘zbekiston milliy terma jamoasini Osiyoning eng kuchli terma jamoalari qatoriga kirmasligini ham aytib o‘tdi.
“Osiyoning zo‘r va eng zo‘rlari aniq va biz u yerda emasmiz”, deydi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatining dastlabki uchrashuvida Kolumbiyaga (1:3) ikkinchi uchrashuvda Portugaliyaga (0:5) qarshi bahslarda mag‘lubiyatga uchradi.
Live
Barchasi