Germaniya fuqaroligini olgan xorijliklar soni rekord darajaga yetdi
Olam
−
04 iyun 1503 2 daqiqa
2025 yilda Germaniya fuqaroligini olgan xorijliklar soni so‘nggi 25 yil ichidagi eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda Germaniya Federal statistika idorasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda jami 332 500 nafar xorijiy fuqaro Germaniya pasportini olgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 14 foiz ko‘p bo‘lib, 2000 yildan beri yuritilayotgan statistikada eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Eng ko‘p fuqarolik olganlar orasida Suriya fuqarolari yetakchilik qilgan — 65 600 nafar. Keyingi o‘rinlarda Turkiya va Rossiya fuqarolari turadi. Turkiya fuqarolaridan 34 100 kishi, Rossiya fuqarolaridan esa 19 700 kishi Germaniya fuqaroligini olgan.
Boshqa davlatlar bo‘yicha ham o‘sish qayd etilgan. Bosniya va Gersegovina fuqarolari orasida fuqarolik olish 126 foizga oshib, taxminan 8 800 kishini tashkil qilgan. AQSH fuqarolari 100 foizga oshib 6 600 kishiga, Albaniya fuqarolari esa 97 foizga oshib 6 100 kishiga yetgan.
Fuqarolik berishning asosiy qismi — 91 foizi standart tartib asosida amalga oshirilgan. Bu tartib Germaniyada kamida 5 yil yashashni talab qiladi, shuningdek, turmush o‘rtoqlari va farzandlar uchun ham maxsus qoidalar mavjud.
O‘rtacha hisobda Suriya fuqarolari Germaniya fuqaroligini olishdan oldin mamlakatda taxminan 7 yil yashagan. Turkiya fuqarolari uchun bu ko‘rsatkich 24 yilni, Rossiya fuqarolari uchun esa 14 yilni tashkil etgan.
Mutaxassislar fuqaroliklar soni oshishini Germaniya fuqarolik qonunchiligidagi yengillashtirishlar bilan izohlamoqda. 2024 yil iyunidan boshlab xorijliklar Germaniya pasportini olayotganda o‘z vatani fuqaroligidan voz kechmaslik huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, doimiy yashash uchun minimal muddat 8 yildan 5 yilga qisqartirilgan.
2024 yil iyunida joriy etilgan, 3 yil yashashdan keyin tezlashtirilgan fuqarolik berish tartibi esa 2025 yil oktyabrida bekor qilingan va umumiy natijalarga deyarli ta’sir qilmagan — jami fuqaroliklarning atigi 1 foizi shu tartibga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, Germaniyaga migratsiya oqimi kamaygan. 2025 yilda mamlakatga 1,48 million kishi ko‘chib kelgan (13 foiz kam), 1,25 million kishi esa mamlakatni tark etgan. Oqibatda sof migratsiya taxminan 230 ming kishini tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 45 foizga kamaygan.
Eng katta kamayish Suriya, Afg‘oniston va Ukraina kabi davlatlardan kelgan migrantlar sonida kuzatilgan. Shu bilan birga, Germaniyadan ketayotganlar asosan Shveysariya, Avstriya va Ispaniyaga yo‘l olgan.
Eslatib o‘tamiz, Yevroittifoq 2011 yildan beri muzlatilgan holatda qolayotgan Suriya bilan sheriklik kelishuvini blokdan chiqargan edi. Ushbu kelishuv 2011 yilda ag‘darilgan prezident Bashar Asad davridagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat sabab to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lib, Yevroittifoq Suriyada fuqarolar urushi paytida Asaddan hokimiyatni “yangi demokratik ma’muriyat”ga topshirishni talab qilgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust