G‘azodagi vayronalar ostida 10 minglab jasadlar bor – OAV

Olam

image

Isroilning dahshatli va fojiali zarbalari oqibatida vayron bo‘lgan turarjoy binolari ostida taxminan 10 ming nafar halok bo‘lgan falastinliklarning jasadi hali ham mavjud. Bu haqda G‘azodagi manbalariga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, faqat G‘azo shahrining o‘zida taxminan to‘rt ming mahalliy aholining jasadi vayronalar ostidan chiqarilmagan.

Manbaning qayd etishicha, jasadlarni izlash uchun maxsus texnikalar zarur, biroq o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, bu uskunalar sektor hududida hanuz mavjud emas. Shahar havosi ham ayni mana shu jasadlar hidiga to‘lgan. Manbaga ko‘ra, g‘azolik bolalar jasadlar ustida o‘ynamoqda. Umuman olganda, ularning yoshligi qonga to‘lgan shaharda kechmoqda. 

Qayd etilishicha, tomonlar sulhga erishgan bo‘lishiga qaramay, mintaqada hanuz o‘q ovozlari tingani yo‘q. Mahalliy aholi hali ham tunda qo‘rquv bilan uyquga ketmoqda. 

6 oktyabr kuni Isroil va HAMAS harakati delegatsiyalari Misr, Qatar, AQSH va Turkiya vositachiligida G‘azo sektoridagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha bilvosita muzokaralarni qayta boshladi. 10 oktyabrda tomonlar AQSH Prezidenti Donald Tramp ilgari taqdim etgan tinchlik rejasi birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim 10 oktyabr kuni kuchga kirdi.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMASning tarafdorlari G‘azo sektoridan Isroil hududiga bostirib kirishi, chegara hududidagi aholi punktlarida yashovchilarning o‘ldirilishi va 250 dan ortiq garovga olinish ortidan keskinlashdi. Bunga javoban, Isroil HAMASning harbiy va siyosiy tuzilmalarini yo‘q qilish hamda barcha o‘g‘irlab ketilganlarni ozod qilish maqsadida hududda harbiy operatsiyani boshladi. Isroil “muvaffaqiyatli” deya baholagan operatsiya ortidan shu kunga qadar 67 mingdan ortiq tinch aholi, jumladan, bolalar, ayollar, keksalar, o‘ldirildi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi (SAXAL) HAMAS guruhining o‘t ochishni to‘xtatish rejimini “qo‘pol ravishda buzganini” da’vo qilib, G‘azo sektoriga zarbalar bergandi. Isroilning ta’kidlashicha, HAMAS a’zolari Misr bilan chegara hududidagi Rafah atrofida terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish bo‘yicha kelishuv shartlariga muvofiq harakat qilayotgan isroillik harbiylarga o‘t ochgan. Hodisa oqibatida 26 yoshli mayor va 21 yoshli katta serjant halok bo‘lgan. Armiya HAMAS tomonidan foydalanilayotgan tunnellar hamda boshqa harbiy ob’ektlarni yo‘q qilish maqsadida javob zarbalarini yo‘llashni boshlagan. 


Maqola muallifi

Teglar

G'azo HAMAS TsAXAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing