G‘azo sektorida samolyotdan yordam tushishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi
Olam
−
09 mart
5663G‘azo sektorida parashyutlari ochilmagan samolyotlardan insonparvarlik yordami tushishi oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, o‘n kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy jurnalist Xader al-Zaanunga tayanib, CNN Arabic xabar berdi.
Telekanal suhbatdoshiga ko‘ra, yuk Al-Shati qochqinlar lageriga tashlangan. Ash-Shifa shifoxonasi tez yordam bo‘limi boshlig‘i Muhammad Al-Shayx CNN telekanaliga voqeada besh kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlardan ba’zilarining ahvoli og‘ir.
Iordaniyadagi manbaning telekanalga aytishicha, parashyutlari ochilmagan yuk Iordaniya samolyotidan tushirilmagan. Uning ta’kidlashicha, to‘rtta Iordaniya samolyoti tomonidan besh davlat ko‘magida yuklarni yetkazish hech qanday texnik nosozliklarsiz amalga oshirilgan.
Pentagon ham voqeaga munosabat bildirdi.
“Men bu ma’lumotni tasdiqlay olmayman. Men ushbu mavzu bo‘yicha nashrlarni ko‘rdim. Biz ishonamizki, AQSH havo kuchlari bu odamlarning o‘limi uchun javobgar emas”, deydi Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder.
G‘azo hukumati bunday operatsiyalarning ehtimoliy xavflari haqida ogohlantirganini aytdi. Anklav yer yuzidagi eng zich joylashgan joylardan biri bo‘lib, yuklarni havo orqali yetkazib berish uchun unchalik katta bo‘lmagan ochiq joylar mavjud. Anklav ma’muriyati yana bir bor gumanitar yordam yetkazilishi uchun quruqlikdagi chegara punktlarini ochishni talab qildi.
Qayd etish joizki, bir qator davlatlar G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini havo orqali yetkazmoqda, chunki quruqlik orqali yuk jo‘natish tobora qiyinlashib bormoqda. Xususan, AQSH 2 martdan havo orqali yordam yetkazishni boshladi.
Shu bilan birga, kecha, 8 mart kuni Yevropa komissiyasi, Kipr, BAA, AQSH va Buyuk Britaniya G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berish uchun dengiz yo‘lagi yaratishni ma’qulladi. Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, Kipr rahbariyati dengiz yo‘lagining ishga tushirilishida muhim rol o‘ynagan: “Amalteya tashabbusi” oroldan G‘azo sektoriga dengiz orqali yordamni xavfsiz yetkazib berish mexanizmini taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil falastinliklarga gumanitar yordam yetkazib berish uchun G‘azo sektoridagi vaqtinchalik faoliyat yuritadigan port xavfsizligini ta’minlashga tayyor ekanini aytgandi.
LiveBarchasi