Futbol muxlislari diqqatiga! Mundialning chipta narxlari e’lon qilindi

Sport

image

2026 yilning 19 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtatidagi “MetLife” stadionida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatining final bahsi uchun mo‘ljallangan chiptalar narxi e’lon qilindi. Bu haqda “BeinSports” ma’lum qildi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada va Meksika yashil maydonlarida o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga 9 oydan kamroq vaqt qoldi. Bir qator terma jamoalar hali mundial yo‘llanmasi uchun kurashmoqda.

Jori yil iyul oyida FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati chiptalarini bir vaqtning o‘zida emas, balki bosqichma-bosqich chiqarishini ma’lum qilgan. Bunga sabab, ko‘plab mamlakatlar hali saralashdan o‘tmagan.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon chempionati bellashuvlari uchun chiptalar 1-toifadan (eng qimmat) 4-toifagacha (eng arzon, maydondan eng uzoqda joylashgan) bo‘lgan to‘rt toifaga bo‘lingan.

Meksikadagi ochilish o‘yinida eng arzon toifadagi chiptalar narxi 370 dollardan, eng qimmat toifadagi chiptalar narxi 1825 dollargacha bo‘ladi.

Kanadadagi bahslarga start beruvchi o‘yin uchun narxlar 355 dollardan 1745 dollargacha bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlardagi ochilish o‘yini uchun chiptalar narxi 560 dollardan boshlanib, 2735 dollargacha yetadi.

Guruh bosqichi doirasidagi o‘yinlar uchun – 60 dollardan 805 dollargacha. Uchinchi o‘rin uchun – 165 dollardan 1000 dollargacha

82 500 tomoshabinga mo‘ljallangan “MetLife” stadioni mundial finaliga mezbonlik qiladi. Muxlislar final o‘yini uchun quyidagi narxlarda chiptalarni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi:

1-toifa (pastki tribunalardagi o‘yinni ko‘rish maksimal qulay bo‘lgan o‘rindiqlar): 6370 dollar. 
2-toifa (pastki va yuqori tribunalar): 4210 dollar. 
3-toifa (asosan yuqori tribunalar): 2790 dollar. 
4-toifa (1, 2 va 3-toifa hududlaridan tashqarida, yuqori tribunalar): 2030 dollar.

Ma’lumot uchun, 2022 yilgi Jahon chempionatining final bahsi uchun mo‘ljallangan chiptalar narxi 206 dollardan boshlangan. Eng qimmat toifadagi chipta narxi esa 1607 dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilgi Jahon chempionati davomida “ADIDAS TRIONDA” to‘pidan foydalanilishi haqida xabar berilgan edi.

Jahongir Inomjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing