Fransiyaning yangi elchisi ishonch yorliqlari nusxasini TIVga topshirdi

Jamiyat

image

Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Ualid Fuk bugun, 4 sentyabr kuni Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda vazir o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

“O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi mustahkam tarixiy zamin va boy an’analarga ega munosabatlar so‘nggi yillarda yuqori sur’atlar bilan rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda hamkorlik iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olmoqda. Shu bilan birga, mavjud salohiyat yanada keng bo‘lib, uni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun diplomatlarimizning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Janob Elchiga mamlakatimizdagi faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlar va samarali mehnat tilaymiz”, deb yozdi vazir.

Ma’lumot uchun, yangi elchi Ualid Fuk tajribali diplomat bo‘lib, ikkinchi darajali davlat xizmatchisi hisoblanadi. U Parijdagi Siyosat institutida Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha ilmiy darajani qo‘lga kiritib, 2010-2014 yillarda Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Strategik ishlar, xavfsizlik va qurolsizlanish bo‘yicha direksiyasida ishlagan.

Shuningdek, u Fransiyaning Pekindagi elchixonasida  "Siyosiy maslahatchi" sifatida faoliyat yuritgan (2014-2017), so‘ngra Fransiyaning Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakolatxonasida (2017-2019) ishlagan, keyin esa Markaziy ma’muriyatga Osiyo va Okeaniya hamda Uzoq Sharq bo‘yicha direktor sifatida qaytgan (2019-2020).

2020-2025 yillarda Ualid Fuk Fransiya Respublikasi Prezidentining Osiyo, Okeaniya va Amerika bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan.

U 2025 yil 27 avgustdan e’tiboran Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga kirishdi.

Ma’lumot uchun, yangi elchi 2021 yilning oktyabridan 2025 yil avgustigacha Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishlagan Oreliya Bushezning o‘rnini egalladi.

Eslatib o‘tamiz, 14 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya elchisi Oreliya Bushezga ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya O'zbekiston Baxtiyor Saidov Ualid Fuk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing