Fransiya “qora shahzoda”ga qarshi tergov boshladi
Olam
−
16 may 3977 2 daqiqa
Parij apellyatsiya sudining qaroriga ko‘ra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudga nisbatan “The Washington Post” jurnalisti Jamol Qoshiqchining Istanbulda o‘ldirilishi bo‘yicha sud tergovi boshlandi. Bu haqda AFP xabar berdi.
“Milliy antiterror boshqarmasi tomonidan o‘rganilayotgan qiynoqlar va majburiy g‘oyib bo‘lishlar haqidagi shikoyat asosida tergov o‘tkazilishi kerak”, deyiladi xabarda.
Bundan avval Fransiya prokuraturasi ta’qib qilishning joizligi (yuridik asoslari) nuqtai nazaridan ish qo‘zg‘atishga qarshi chiqib kelgan.
Ma’lumot uchun, “The Washington Post” gazetasi jurnalisti Jamol Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabr kuni g‘oyib bo‘lgan. O‘sha kuni u Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulxonasi binosiga kirgan va shundan so‘ng uni hech kim ko‘rmagan. Qoshiqchining jasadi topilmagan. Turkiya prokuraturasi talqiniga ko‘ra, jurnalist o‘ldirilgan, jasadi esa bo‘laklanib, yo‘q qilingan.
Jurnalist uzoq vaqt davomida Saudiya Arabistoni rasmiylarini tanqid qilib kelgan. Jurnalistni o‘ldirishga Saudiya hukumati buyruq bergani haqida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, shuningdek, AQSH Milliy razvedkasi bayonot bergan.
“Biz Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchini Turkiyaning Istanbul shahrida qo‘lga olish yoki o‘ldirish bo‘yicha operatsiyani ma’qullagan deb hisoblaymiz”, deyiladi AQSH razvedkasi hisobotida.
Jurnalistning g‘oyib bo‘lishi va bunga Ar-Riyodning aloqadorligi haqidagi xabarlar dunyoda keng aks-sado bergan. O‘sha paytda Xalqaro valyuta jamg‘armasiga rahbarlik qilgan Kristin Lagard, shuningdek, AQSHning bir qator yirik kompaniyalari, jumladan, Google va Ford top-menejerlari Saudiya Arabistoniga rejalashtirilgan safarlarini bekor qilgan.
Muhammad bin Salmon 2019 yil sentyabr oyida Qoshiqchining o‘ldirilishiga ilk bor ommaviy ravishda izoh bergan.
“Bu mening xizmat vazifalarimni bajarayotgan vaqtimda sodir bo‘lgani uchun barcha mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman”, degan o‘shanda u.
Shu bilan birga, shahzoda ismi ochiqlanmagan mulozimlar uning xabarisiz harakat qilganini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘sha paytdagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Muhammad bin Salmonni jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha sud jarayonidan dahlsizligi haqida qaror chiqargan.