Fransiya G‘azo boshqaruvida alohida rol o‘ynaydi – Makron

Olam

image

Fransiya G‘azoni boshqarishda Falastin ma’muriyati bilan birga “alohida rol” o‘ynaydi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 13 oktyabr kuni G‘azoning kelajagiga bag‘ishlangan sammit uchun Misrga kelgan paytida ma’lum qildi.

“Boshqaruv masalalarida biz o‘ta muhim rol o‘ynaymiz”, dedi Makron Sharm al-Shayx aeroportida. 

Uning aytishicha, Parij Falastin ma’muriyati kelajak uchun zarur islohotlarni amalga oshirishini ta’minlaydi.

“Fransiya tayyor va rejalashtirish ishlarini boshlab ham yuborgan. Fransiya G‘azoda barqaror tinchlikka erishishda o‘z rolini bajaradi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Sammit bugun, 13 oktyabr kuni tushdan keyin bo‘lib o‘tadi va uni AQSH Prezidenti Donald Tramp hamda Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy hamraislik qilgan holda o‘tkazadi.

Qayd etish joiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS G‘azo sektoridagi mojaroni hal etish bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv imzolaganini ma’lum qilgandi. Amerika rahbari bu “barcha garovdagilarning tez orada ozod qilinishi, shuningdek, Isroil qo‘shinlarining kelishilgan chiziqlargacha orqaga chekinishini” anglatishini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun HAMAS dastlab 7 nafar isroillik asirni, keyinroq esa yana 13 nafar isroillik asirni Qizil Xochga topshirgani haqida xabar berilgan edi. Hozirga kelib, ular Isroilga yetib borgan. Isroil esa 154 nafar ozod etilgan falastinlik mahbusni deportatsiya qiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing