Fors ko‘rfazidan 2,5 ming dengizchi evakuatsiya qilindi

Olam

image

BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti (XDT) Fors ko‘rfazidan 2,5 mingga yaqin dengizchini evakuatsiya qilishga erishdi. Shundan so‘ng tijorat kemasiga uyushtirilgan hujum sababli operatsiya vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiyaning dastlabki uch yarim kunida taxminan 115 ta kema ko‘rfazni tark etgan. Bir tomondan Isroil va AQSH, ikkinchi tomondan Eron o‘rtasida boshlangan mojarodan keyin mintaqada qolib ketgan 600 ta kemada jami 11 mingga yaqin dengizchi qolmoqda.

Ummon sohillari yaqinidagi bo‘g‘ozdan o‘tayotganda “Ever Lovely” konteyner tashuvchi kemasiga zarba berilganidan keyin operatsiyani to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. XDT rahbari Arsenio Domingesning ma’lum qilishicha, ushbu kema evakuatsiyada ishtirok etmagan va belgilangan o‘tish qoidalariga amal qilmagan. U “Ever Lovely” kemasi kelishilgan evakuatsiya tartibi talab qilganidek Ummon rasmiylaridan ruxsat so‘ramaganini alohida bildirgan.

Eron kemalar Tehron tomonidan tasdiqlangan yo‘nalishlardan foydalanishi kerakligini da’vo qilmoqda. Ko‘plab tijorat kemalari Ummon, AQSH va XDT muvofiqlashtiruvi ostida Ummon sohillari bo‘ylab “janubiy” yo‘lak orqali harakatlanayotgan edi. Endilikda Eron harakatni tartibga solish huquqi o‘zida ekanligini yana bir bor bayon qilmoqda.

Aniqlik kiritilishicha, hozirda kemalar 1968 yildan beri amal qilib kelayotgan xalqaro harakatni taqsimlash sxemasidan foydalana olmaydi, chunki markaziy qatnov yo‘llari minalashtirilgan. Shu sababli ikkita vaqtinchalik yo‘nalishdan foydalanilmoqda: Eron tomonidan muvofiqlashtiriluvchi shimoliy yo‘lak hamda Ummon va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi janubiy yo‘lak.

XDT ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi hozirgi mojaroning “qizg‘in” pallasida 14 nafar dengizchi halok bo‘lgan, 40 dan ortiq kema hujumga uchragan, ko‘plab ekipajlar esa Fors ko‘rfazidan chiqib keta olmay, u yerda qariyb uch oy qolib ketgan.

Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi – sayyoradagi eng muhim dengiz yo‘laklaridan biri bo‘lib, tinchlik davrida dunyodagi jami neft tranzitining qariyb 20 foizi aynan shu yerdan o‘tgan. U yerda kemalar qatnovini qayta tiklash AQSH va Eron o‘rtasidagi dastlabki kelishuvning asosiy bandi hisoblanadi. Ushbu kelishuv harbiy harakatlarga rasman chek qo‘ygan bo‘lsa-da, bo‘g‘ozda navigatsiyani kim nazorat qilishi haqidagi masalani uzil-kesil hal etmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing