FIFAning boshi baloga qoldi. Tramp – medalionlar kolleksioneri

Tahlil

image

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini ololmagan AQSH Prezidenti Donald Trampning bugun ko‘kragi medalga to‘lib ketdi. Qaysidir davlat uni ko‘kraknishon bilan siylasa, boshqa biri boshiga toj kiydirib ko‘nglini ovlash payida. Endi esa sport federatsiyalari ham Venesuealaga urush boshlamoqchi bo‘lib turgan odamga tinchlik bo‘yicha mukofotlar topshiryapdi.

Joriy yilning 5 dekabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan, kelgusi yilgi Jahon Chempionati uchun qur’a tashlash marosimida FIFA’ning amaldagi Prezidenti Janni Infantino yangi “FIFA Tinchlik mukofoti” sovrinini Donald Trampga taqdim etdi. Bu voqealar ortidan tarmoqlarda yangi tashkil qilingan ushbu medal haqida haqoratli izohlar tarqala boshladi. Kimdir uni “Tramp uchun so‘rg‘ich” deb atasa, yana kimdir “Tramp uchungina o‘ylab topilgan” deb satira ostiga olyapdi.

Avvallari dunyoda xalqaro tinchlikni saqlash, millatlar o‘rtasida o‘ziga xos ahllik kayfiyatini shakllantirish, urush va mojarolarga qarshi kurashish yo‘lida xizmat qilgan insonlarga topshiriladigan tinchlik bo‘yicha mukofotlarning endi go‘yo qadri yo‘qolib, hatto o‘z yurtida ham tanqidlardan boshi chiqmaydigan AQSH rahbariga berilishi xalqaro hamjamiyatda jiddiy bahslarga sabab bo‘ldi. Trampning G‘azoda o‘rnatilgan “kristall tinchlik sulhi”dagi vositachiligi, Ukrainani qurbon qilib Rossiya bilan tinchlikka erishish yo‘lida ko‘rsatgan “jonbozliklari” yuqori baholanib, turfa nishon-u medallar bilan taqdirlanmoqda. Ammo, bu galgi “FIFA Tinchlik Mukofoti” chinakamiga shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

FIFA’dan Trampga kubok

5 dekabr kuni Vashingtonda joylashgan Jon Kennedi nomidagi San’at Ijro Markazida (Center for the performing Arts) 2026 yilda AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida bo‘lib o‘tuvchi Jahon Chempionati uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Ushbu marosimda uch mezbon davlat rahbarlari Donald Tramp (AQSH), Klaudiya Sheynbaum (Meksika), Mark Karni (Kanada) va bir qancha dunyo mashhurlari, sport afsonlari va davlatlar delegatsiyalari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida FIFA Prezidenti Janni Infantino Trampga tashkilotning yangi “FIFA Tinchlik mukofoti – futbol dunyoni birlashtiradi” nomli oltin suv yuritilgan haykalcha, sertifikat va esdalik medalini tantanavor tarzda topshirdi. Haykalcha yer sharini ko‘targan besh oltin qo‘l ko‘rinishida tasvirlangan bo‘lib, to‘laligicha oltin rangda.

“Biz liderdan shuni istaymiz – odamlar haqida qayg‘uradigan lider. Biz xavfsiz dunyoda, xavfsiz muhitda yashashni xohlaymiz. Biz birlashishni istaymiz – biz bugun bu yerda mana nima qilamiz, biz Jahon Chempionatida ham shunday qilamiz”, deydi Infantino mukofotni topshirar ekan.

Ammo, ba’zi tarmoq faollari masalaning boshqa bir nozik tomoniga e’tibor qaratib, bu FIFA nizomidagi “siyosatdan holilik” tamoyiliga zid kelishi mumkinligi haqida fikr bildirib, Infantinoni tanqid qildi. Yangi mukofotning ilk sohibi deb Tramp topilishi tashkilot AQSH pozitsiyasini yoqlayotgani sifatida ko‘rilishi mumkin. Siyosatshunoslarning fikricha, bu qaror futbol tashkilotining global geosiyosiy jarayonlarga bilvosita aralashuvi va ma’lum bir siyosiy kuchni qo‘llab-quvvatlashi sifatida talqin qilinishi mumkin.

Trampning “oltin davri”

AQSHning 47-prezidenti deb saylangan Donald Tramp uchun 2025 yil mukofotlarga boy o‘tdi. Dunyoga tinchlikni qaytarish va’dasi bilan lavozimga kelgan Tramp qisqa vaqt ichida garchi Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaroga yechim topa olmagan bo‘lsada, dunyoning boshqa nuqtalaridagi turli nizolarni hal etishda kichik bo‘lsada tashabbuskorlik ko‘rsata oldi. Jumladan, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruanda, Kambodja va Tailand, Armaniston va Ozarbayjon, Isroil va Falastin o‘rtasidagi muammoli vaziyatlarni hal etishda qatnashdi. Shu bilan birga, qaysidir ma’noda uning xizmatlari keragidan ortiq baholandi, degan fikrlar ham yo‘q emas, negaki u “tinchlik o‘rnatdim” degan hududlarda urushlar allaqachon qayta boshlanib ulgurdi. Ushbu fonda esa unga berilayotgan mukofotlar o‘z ma’nisini yo‘qotgandek ko‘rinmoqda.

Shubhasiz, uning eng shovshuvli ishlaridan biri – bu Falastin-Isroil o‘rtasida tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi harakatlari bo‘ldi. Uzoq yillik ziddiytalar ortidan G‘azoda tinchlik o‘rnatilishiga bo‘lgan umid jahon sahnasida Trampni qahramon obrazida namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Aslida, tahmin qilingandanda nozik bo‘lib chiqqan bu tinchlik sulhi faqatgina Trampning yutuqlar ro‘yxatini kengaytirdi xolos.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti topshirilishi arafasida yuzaga kelgan bu mashmashalar ortidan Tramp Isroil va Misr rahbarlaridan mukofotlar qabul qilib olishga ulgurdi. 10 oktyabrda Tinchlik bo‘yicha Nobelni venesuelalik Maria Machado ilib ketganidan so‘ng go‘yoki hamkorini “ovitish” ilinjida Isroil Prezidenti Isxak Gersog davlatning eng yuqori fuqarolik ordeni “Isroil Prezidentining Faxriy Medali” va Misr rahbari Abdul Fattoh as-Sisi esa Nil ordeni bilan Trampni mukofotladi. Ammo G‘azoda mustahkam tinchlik o‘rnatilmaganligi tez orada hammaga ma’lum bo‘ldi.

Oradan o‘n kun ham o‘tishga ulgurmasdan, 22 oktyabr kuni Richard Nikson jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Tinchlik me’mori” mukofotining amaldagi yil g‘olib deb, o‘sha sulh bitimlari bilan birga suratga tushishni sevuvchi Donald Tramp topilgani e’lon qilindi. Niksonning o‘limidan so‘ng tashkil etilgan mukofot dunyoda tinchlikni saqlash, xalqaro maydonda Richard Niksonning diplomatik merosini davom ettirganlarga topshiriladi va AQSHda Nobelga teng mukofot sifatida ko‘riladi. Ammo, bu gal AQSHning hech bir prezidenti qilishga haddi sig‘magan islohotlar bilan siyosiy maydonga kelgan Tramp ushbu mukofotga loyiq deb topildi. Shunday qilib, Tramp 1995 yilda ta’sis etilgan mukofotni qo‘lga kiritgan AQSHning uch prezidentidan biriga aylandi.

26 oktyabrda boshlangan AQSH rahbarining Osiyo bo‘ylab turnesi ham anchayin omadli kechdi. Tailand va Kambodja o‘rtasida erishilayotgan tinchlik shartnomasiga vositachi bo‘lib olgan Tramp, xuddiki yerning yana bir nuqtasida tinchlik o‘rnatilishiga sababchidek maqtov va olqishlarga sherik bo‘lib oldi. Cheksiz xushomad va sovg‘alar ortidan Janubiy Koreyaga tashrif turnening eng “qaymoqli” qismi bo‘ldi, negaki bu yerdan Tramp chinakamiga qirollar kabi toj bilan qaytdi.

29 oktyabr kuni Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan Trampni Prezident Li Chje Myon kutib oldi va ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng Janubiy Koreya rahbari mavqeiydoshini “Oliy Mugunghva orderni” bilan taqdirladi. Ushbu orden mamlakatdagi eng obro‘li mukofot bo‘lib, uning AQSH Prezidentiga topshirilishi alohida ishonch va do‘stlik ramzi sifatida e’tirof etildi. Ammo dunyo hamjamiyatining e’tiborini boshqa bir sovg‘a tortdi, ya’ni miloddan avvalgi VI-V asrlarga tegishli Silla hukmdorlarining oltin “Cheonmachong” tojining nusxasi. Ba’zilar buni Trampga bo‘lgan yuksak ehtirom va xushomad deb talqin qilgan bo‘lsa, boshqa bir guruh Trampning oltinga o‘chligiga qilingan kinoya va uning davrida boshlangan “No Kings” namoyishlariga ishora sifatida ko‘rish mumkin degan fikrni ilgari surdi.

Umumiy kartinada Tramp barcha mukofotlarga mutloq loyiqdek, hatto qo‘lga kiritolmagan Nobelga ham. Ammo, uning hokimiyatga kelishi bilan boshlangan proteksionizm siyosati, boj va tariflar bo‘yicha kiritgan o‘zgarishlari, retrospektiv qarashlari ortidan yuzaga kelgan konfliktlar va so‘nggida Venesuelaga boshlanayotgan qurolli harakatlar bir savolni o‘rtaga tashladi: Tramp aslida qanchalik tinchlikparvar?

Shuni unutmaslik kerakki, bahonalar doim topiladi, ammo, Mahatma Gandi aytganidek: “Tinchlikka erishishning yo‘li – tinchlikning o‘zi.”


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp FIFA “Tramp uchun so'rg'ich” Nil ordeni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing