Farg‘onada mashina olib qochgan 14 yoshli bolaga jazo tayinlandi
3-sahifa
−
07 may 2025 6776 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatida qo‘shnisining avtomashinasini o‘g‘irlagan 14 yoshli o‘spiringa shartli tarzda 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2024 yilning 20 noyabr kuni viloyatning Rishton tumanida sodir bo‘lgan. 14 yoshli bola tungi soat 22:00 da qo‘shnisining Damas mashinasini olib qochib, Farg‘ona kanali tomon harakatlangan. Ortga qaytmoqchi bo‘lganida mashina loyga botib qolgan. U vtomobilni o‘sha yerda qoldirib, ortga qaytgan.
Holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tumani sudida mazkur holat ko‘rib chiqildi. Bola Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi bilan aybli deb topildi va 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, kodeksning 72-moddasiga asosan jazo shartli berildi hamda 2 yil sinov muddati qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida qiziqchi Shukurullo Isroilovning avtomobili olib qochilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu mashinani olib qochgan yigit 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida mast holatda avtomashina olib qochgan tojikistonlik 3 yil-u 6 oyga qamaldi.
Live
Barchasi