Farg‘onada katta janjal uyushtirgan Vallomov qamaldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Farg‘ona shahar Oftob ko‘chasida joylashgan “Verona” nomli kompyuter o‘yinlar klubida Otabek Vallomov ismli shaxs tanishlari bilan bir guruh bo‘lib, janjal uyushtirgani haqida xabar berilgandi. Ushbu ish doirasida Vallomov 6 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilindi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi. 

Hujjatda qayd etilishicha, joriy yilning 21 fevral kuni soat 17:40 larda ayblanuvchilar bir guruh bo‘lib, Farg‘ona shahridagi “Verona” nomli kompyuter o‘yinlari klubiga kirgan. O‘yin jarayonida ular baland ovozda muomala qilgan holda jamoat tartibini buzgan. 

Klub xodimi ularni tinchlantirishga harakat qilgan, ammo yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida unga va boshqa xodimga tan jarohati yetkazilgan. Shu bilan birga, holat bo‘yicha xabar bermoqchi bo‘lgan xodim ham ayblanuvchilardan jabr ko‘rgan.

Sudda Otabek Vallomov aybini qisman tan olib, voqea chog‘ida klub xodimi onasi haqida haqoratli so‘zlar aytgani bois jahl ustida unga qo‘l ko‘targanini bildirgan. Shuningdek, u ilgari ham bu klubga do‘stlari bilan kelib turgani, hech qanday adovat bo‘lmaganini, hodisa kutilmagan tarzda yuz berganini ta’kidlagan. U o‘zining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishini, 100 dan ortiq xodimga ega ekanini bildirib, qilgan ishidan afsusdaligini aytgan va suddan yengillik so‘ragan.

Jabrlanuvchi klub xodimi esa sudda Vallomov tomonidan aytilgan haqorat haqidagi da’volarni inkor etgan. Uning aytishicha, o‘sha kuni mijozlarning baqir-chaqiridan boshqa mijozlar norozilik bildirgan, shuning uchun u holatga aralashgan. U sudlanuvchilarning unga nisbatan so‘kinib gapirgan, degan iddaolarini rad etgan. Uning ko‘rsatsiga ko‘ra, olgan tan jarohatlari tufayli u uch kun davomida shifoxonada davolangan.

Jabrlanuvchilar yetkazilgan zarar to‘liq qoplangani, sudlanuvchilarga nisbatan da’volari yo‘qligini bildirgan.

Sud Otabek Vallomovga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismining “g” bandi, 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismining “b”, “ye”, “k” bandlari hamda 59-moddasining (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismiga asosan 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Uning tanishlari ham aynan shu moddalar bilan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilingan.

Ushbu ish joriy yilning 14 iyul kuni Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan, lekin hukm o‘zgartirishsiz qoldirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

janjal Farg'ona bezorilik Verona Otabek Vallomov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing