Ertaklardagi ajdaholarni eslatuvchi spinozavrning qoldiqlari topildi
Bu qiziq
−
27 fevral 2964 2 daqiqa
Niger hududida Chikago universiteti paleontologlari boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi tomonidan Spinosaurus mirabilis (“ajoyib tikonli kaltakesak”) deb nomlangan yangi tur qoldiqlari topildi. Bu haqda “Science” jurnali xabar berdi.
Olimlar jamoasi Spinosaurus mirabilis’ning bir nechta vakillariga tegishli qoldiqlarni topgan va bu dinozavrning ko‘rinishini qayta tiklashga yordam bergan. Ushbu yirtqichning uzunligi maktab avtobusi bilan teng bo‘lib, u quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan:
- Bosh chanog‘idan chiqib turuvchi haybatli shox;
- Timsohnikiga o‘xshash burun-og‘iz qismi;
- Odam kaftidek keladigan ulkan va o‘tkir tishlar bilan to‘la uzun jag‘.
Tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, bu shox yoki tizma yorqin rangga ega bo‘lib, u juftlashish uchun sheriklarni jalb qilish yoki raqiblarni o‘z hududidan haydash uchun xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.

Yashash tarzi va muhiti
Olimlarning fikricha, spinozavrlarning ushbu turi taxminan 95 million yil avval, bo‘r davrida, hozirgi markaziy Sahroi Kabir hududidagi botqoqliklarda yashagan. Tadqiqotning yetakchi muallifi Pol Sereno ularni sayozlikda baliq ovlovchi va tanasi yarim suv hayotiga yaxshi moslashgan qarqaralarga (tustovuqsimon qushlar) qiyoslagan.

Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu kam o‘rganilgan dinozavrlar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish uchun yaxshiroq saqlanib qolgan namunalarni topish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydagi Sichuan provinsiyasida paleontologlar 200 million yillik dinozavr izlarini topgandi.