Tan olinmagan davlat prezidenti ham Ozarbayjonga bordi
Olam
−
07 Oktabr 7067 2 daqiqa
Kecha, 6 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Gabala shahrida tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda mamlakat Prezidentining rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Ersin Tatar Prezident Ilhom Aliyev bilan oldingi uchrashuvlarni, jumladan, Shusha shahridagi Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti chog‘idagi muloqotni mamnuniyat bilan yodga olgan.
“Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildiraman”, deydi u.
Prezident Ilhom Aliyev o‘z navbatida, Ozarbayjon kelgusida ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga yordam berishni davom ettirishini ta’kidlagan.
Ersin Tatar esa Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayoni bo‘yicha Vashingtonda, AQSH Prezidenti ishtirokida erishilgan natijalar bilan tabriklagan. Davlat rahbari bu tabrik uchun minnatdorlik bildirgan.
Suhbat davomida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi maqomida a’zo bo‘lishi muhim qadam ekani ta’kidlangan. Shuningdek, Gabalada o‘tkazilayotgan sammit turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi qator sohalardagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, 1974 yilda Gretsiyada yuz bergan harbiy to‘ntarish ortidan Turkiyaning orolga harbiy aralashuvi oqibatida Kipr mojarosi boshlandi. Shundan beri Kipr oroli shimoliy (turklar yashaydigan) va janubiy (yunonlar yashaydigan) qismlarga bo‘lingan. 1983 yilda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) mustaqilligini e’lon qildi, biroq u faqat Turkiya tomonidan tan olingan.
Turkiya Kipr masalasida “ikki davlatli yechim”ni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni Shimoliy va Janubiy Kipr alohida, teng huquqli davlatlar sifatida tan olinishi kerak, deb hisoblaydi. BMT va Yevropa Ittifoqi esa, aksincha, Kiprda yagona federal tuzum asosida birlashgan davlat barpo etish tarafdori.
Eslatib o‘timiz, kecha, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib borgandi. Gabala xalqaro aeroportida O‘zbekiston yetakchisini Ozarbayjon madaniyat vaziri Odil Karimli, Gabala tumani ijro hokimiyati rahbari Sabuhi Abdullayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgandi.
Live
Barchasi