Eron Rossiya bilan maxfiy kelishuv tuzgan – OAV
Olam
−
23 fevral 10651 2 daqiqa
Eron Rossiya bilan 500 million yevrolik qurol yetkazib berish bo‘yicha maxfiy kelishuv tuzgan. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.
Nashr qo‘liga tushgan hujjat va manbalarga ko‘ra, kelishuv 2025 yilning dekabr oyida Moskvada imzolangan, yetkazib berishlar esa 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan. Ayrim tizimlar allaqachon Eronga topshirilgan bo‘lishi mumkin. Gap 500 dona “PZRK Verba” ko‘chma zenit-raketa majmuasi va ularga mo‘ljallangan 2,5 mingta raketa haqida bormoqda. Bir dona raketa narxi 170 ming yevro, uchish qurilmasi esa 40 ming yevro deb baholangan. Shartnomaga, shuningdek, 500 dona “Mauli-2” tungi ko‘rish moslamasi ham kiritilgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, bitim “Rosoboroneksport” va Eron Mudofaa vazirligining Moskvadagi vakolatxonasi o‘rtasida tuzilgan. Kompaniya izoh so‘roviga javob bermagan, Kreml ham masalaga izoh berishdan bosh tortgan. Nashr yozishicha, kelishuvni vakolatxona xodimi Ruhullo Katebi muvofiqlashtirgan. AQSH uni 2024 yilda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritib, “Rossiya hukumati bilan aloqa qiluvchi shaxs” deb atagan.
Eronning Moskvadagi elchisi Kozim Jaloliy ilgari Eron televideniyesiga bergan intervyusida Rossiyadan amalga oshirilgan bir nechta reyslarda harbiy yuklar bo‘lganini aytgan. U so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida muhim harbiy kelishuvlar tuzilayotganini, yetkazib berishlar esa ushbu bitimlar bajarilayotganini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan, biroq tafsilotlarni ochiqlamagan.
Nashrning yozishicha, Rossiyaning Il-76TD transport samolyoti so‘nggi sakkiz kun ichida kamida uch marta Mineralniye Vodi shahridan Eronning Karaj shahriga parvoz qilgan, yana bir reys dekabr oxirida amalga oshirilgan. Shuningdek, yanvar oyida Eron Rossiyadan oltitagacha Mi-28 vertolyotini olgani, ulardan biri shu oy Tehronda qo‘llangani aytilmoqda.
Avvalroq, Eron Prezidenti Masud Pezeshkiyon Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ikki davlat hamkorligi uchun yangi ufqlar ochishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron bir yil avval imzolangan 20 yillik keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini tez va aniq amalga oshirishga qat’iy bel bog‘lagan.
47 moddadan iborat hujjatning qariyb uchdan bir qismi harbiy-texnik hamkorlik va xalqaro xavfsizlikka bag‘ishlangan. Unda tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda, ikkinchi tomon tajovuzkorga harbiy yoki boshqa yordam ko‘rsatmasligi va nizoni tartibga solishga ko‘maklashuvi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya 2021 yildan beri Erondan 3 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotib olgani, ularning orasida qisqa masofali ballistik raketalar va yuzlab zenit raketalari borligi haqida xabar berilgandi.