Eron Rossiyaga qariyb 3 mlrd dollarlik raketa sotgan – OAV
Olam
−
13 yanvar 3987 2 daqiqa
Rossiya 2021 yildan beri Erondan 3 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotib olgan. Ularning orasida qisqa masofali ballistik raketalar va yuzlab zenit raketalari bor. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni “Deutsche Welle” xabar berdi.
Keltirilishicha, 2021 yil oktyabr oyidan beri – Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishidan oldin Moskva bilan imzolangan shartnomalar taxminan 2,7 milliard dollarga teng bo‘lgan. Eron Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaga qariyb 3 milliard dollarlik raketalarni sotgan.
Xaridlar orasida yuzlab Fath-360 qisqa masofali ballistik raketalar, 500 ta boshqa qisqa masofali ballistik raketalar va havo mudofaasi tizimlari bilan bog‘liq 200 ga yaqin zenit raketalari bo‘lgan.
Xabarlarga ko‘ra, Eron Rossiyaga hisob-kitoblardan tashqari millionlab o‘q-dorilar va artilleriya snaryadlarini ham yetkazib bergan. Bundan tashqari, Tehron Rossiyaga Shahed-136 hujum dronlarini va ularni Geran-2 nomi ostida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga imkon bergan texnologiyalarni ham topshirgan.
G‘arb xavfsizlik xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2021 yil oxiridan beri Eron harbiy texnikasiga jami 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.
Ma’lumot o‘rnida, Eronning Rossiya bilan yaqinlashuvi 2010 yillarda, G‘arbning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha bosimi va sanksiyalari fonida boshlangan. 2025 yil yanvar oyida Tehron va Moskva strategik sheriklik shartnomasini imzolagan, ammo unda o‘zaro mudofaa qoidalari yo‘q. O‘tgan yili Rossiya Isroil va Amerikaning Eronga hujumlari paytida sherigiga hech qanday sezilarli yordam ko‘rsatmagan. Shunga qaramay, Moskva va Tehron Eron orqali Hindistonga savdo yo‘lini rivojlantirish ustida ishlamoqda va sanksiyalar ta’sirini yumshatish uchun moliya va bank hamkorligini kengaytirishni muhokama qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Eron bilan hamkorlik qilayotganlarga 25 foizlik boj joriy qilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi