Eron Prezidenti 50 ta davlat rahbarlarini Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi
Olam
−
20 noyabr 2023
11858Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy 50 ta davlat rahbarlariga maktub yo‘llab, Isroilning G‘azo sektoriga hujumlarini to‘xtatish uchun Tel-Avivga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.
Raisiyning murojaati Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Xitoy Xalq Respublikasi Raisiga, shuningdek, Iordaniya, Qozog‘iston, Keniya, Turkiya va Janubiy Afrika Respublikasi rahbarlariga yo‘llangan. Raisiy maktubni oluvchilarni oxir-oqibat Isroilni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga majbur qilish uchun birdamlik va muvofiqlashtirishga chaqirgan.
"Mamlakatlarimiz o‘zlarida mavjud bo‘lgan barcha bosim vositalarini, jumladan, Isroil bilan savdo va siyosiy hamkorlikni to‘xtatishni qo‘llashi kerak. Bu bizga isroilliklarning G‘azodagi jinoyatlariga barham berishga ko‘proq hissa qo‘shishga yordam beradi", deyiladi Raisiyning maktubida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 noyabr kuni Eron Prezidenti Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining Ar-Riyoddagi navbatdan tashqari qo‘shma sammitida so‘zga chiqib, Islom davlatlarini Isroil bilan iqtisodiy munosabatlarni uzishga, shuningdek, yahudiy davlatiga sanksiyalar joriy etishga, jumladan neft importiga embargo qo‘yishga chaqirgandi.
LiveBarchasi