Eron AQSH bilan keskinlikni pasaytirmoqchi – NYT
Olam
−
29 noyabr 2024 2925 2 daqiqa
Tehron xalqaro maydondagi ritorikasini keskin o‘zgartirdi va AQSHda respublikachi Donald Trampning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng Vashington bilan munosabatlardagi keskinlikni pasaytirishga intilmoqda. Bu haqda kecha, 28 noyabr kuni o‘z manbalariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Eron so‘nggi bir necha hafta ichida keskin bayonotlardan voz kechib, ularni “murosaga yo‘naltirilgan” yondashuvlar bilan almashtirgan. Nashr manbalari bu o‘zgarishlar mamlakat ichida va undan tashqarida ro‘y berayotgan voqealar bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tehronning yondashuvini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilishi 5 noyabr kuni Trampning saylovlarda g‘alaba qozonganidan kelib chiqqan. Shuningdek, eronliklar Trampning “bashorat qilib bo‘lmas” siyosatidan xavotirda ekani aytilmoqda.
Bundan tashqari, Eron siyosatiga iqtisodiy inqiroz hamda Tehronning “yaqin va eng muhim” harbiy ittifoqchisi – Livandagi “Hizbulloh” harakatining zaiflashuvi ta’sir ko‘rsatgan.
Shu omillarni hisobga olib, Eron Isroilga qarshi javob zarbalari berishdan ham tiyilishga qaror qilgan.
Tramp o‘zining ilk prezidentlik davrida Eronga nisbatan maksimal bosim siyosatini e’lon qilgan. Xususan, bu davrda Tramp Eronga qarshi qattiq sanksiyalar joriy etgan, yadroviy kelishuvdan chiqqan va yahudiy davlatiga harbiy-siyosiy hamda iqtisodiy yordamni kuchaytirgandi. Tehron esa uni 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytgach, Eronga bosim o‘tkazish siyosatidan voz kechishga chaqirmoqda. Agar respublikachi teskari qaror qabul qilsa, AQSH Erondan “maksimal qarshilik”ka duch keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Tehrondagi matbuot anjumanida agar Vashington Tehronga dushman emasligini ko‘rsatsa, Eron AQSH bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishi mumkinligini aytgan edi.