Energiya tejamkor va zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Energiya tejamkor va zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasi portaliga joylashtirildi

Mazkur qarorga muvofiq, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda hududlarda faoliyat yuritayotgan barcha qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqarish quvvatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirishi lozim. 

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2019 yilning 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shaharsozlikda ob’ektlarni loyihalash va qurish davomida ularni qo‘llashda ratsionalizatorlik ishlari uchun loyiha tashkilotlariga, buyurtmachi vazifasini bajaruvchi injiniring kompaniyalariga hamda qurilish-pudrat tashkilotlariga imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. 

Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan manfaatdor idoralar va korxonalar bilan birgalikda uch oy muddatda hududlar kesimida qurilish materiallari hom ashyo zahiralari hamda bozor talablaridan kelib chiqqan holda, 2019-2021 yillarda respublikada energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlarni yaratish dasturi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga  tasdiqlash uchun kiritilishi belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda  namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar, yo‘llar hamda ichimlik suvi tarmoqlarini tegishli loyiha tashkilotlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda:

an’anaviy qurilish materiallari (pishgan g‘isht, metall armatura, metall trubalar, metall cherepitsa, sement-qumli suvoq va boshqalar) o‘rniga energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va yangi turdagi mahalliy qurilish materiallarini (polistirolbeton, gazbeton, ko‘pikbeton, ko‘pikkauchuklar, kompozit armaturalar, gipskartonlar, g‘o‘zapoya va qamish asosidagi plitalar, quruq qurilish qorishmalari, shisha tolali kompozit trubalar, vermikulit va o‘zga g‘ovak to‘ldirgichlar va boshqalar) qo‘llash yuzasidan tashkiliy ishlarni amalga oshiradilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining takliflariga binoan qurilish sohasidagi yangi turdagi qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari, mashina va mexanizmlari va qurilish ishlari texnologiyalarini inobatga olgan holda, amaldagi milliy qurilish normalarini qayta ko‘rib chiqish, qurilishga oid xorijiy normativ-texnik hujjatlarni moslashtirish borasida tadqiqot ishlarini olib borish hamda laboratoriya sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy tadqiqot muassasasi tashkil etiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, uch oy muddatda qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini klaster usulida ishlab chiqarishni joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi qurilish materiallari va uskunalarini ishlab chiqarish sohasidagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni targ‘ib qilish va ulardan amaliy foydalanishning mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan ustuvor muammolarni ilmiy-texnik davlat dasturi doirasida e’lon qiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Qurilish mollari

Baholaganlar

45

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing