Endi o‘zbekistonliklar 7 avlodini bilishi mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Shajara” axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Bunday tashabbus bugun, 21 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishayotganida ilgari surildi.

Qayd etilishicha, yangi xizmat foydalanuvchilarga o‘z shajarasini yaratish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.

Arxiv ishini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinar ekan, bugungi kunda mamlakatdagi arxivlarda 16 millionta hujjat to‘plami, shu jumladan, 1,3 millionta alohida qimmatli va noyob hujjatlar saqlanayotgani qayd etildi. Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi va Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari UNESCO'ning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.

Shu bilan birga, hujjatlarni raqamlashtirish sur’ati yiliga atigi 2 foizni tashkil qilmoqda. 2030 yilga qadar arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60 foizga yetkazish, alohida qimmatli va noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun sohadagi axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimiga birlashtirish, hujjatlarni radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olish va onlayn kuzatish tizimini joriy etish, hujjatlarni tasniflash va tanish jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan. Tuman (shahar) arxivlarining vazifalari hududiy arxiv boshqarmalariga o‘tkaziladi.

Prezident Mirziyoyev taqdim etilgan yangilanishlarni tizimli joriy etib, muhokama qilingan sohalarda samaradorlikni, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Shajara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing